1

Rossiya va Qozog`iston o`rtasidagi avtomobil chegaralari yopiq, Vatanga qaytuvchilar uchun charter reyslar qo`yilgan –TIV

Jamiyat 29.09.2020, 15:13
Rossiya va Qozog`iston o`rtasidagi avtomobil chegaralari yopiq, Vatanga qaytuvchilar uchun charter reyslar qo`yilgan –TIV

Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi axborot berdi. Unga ko`ra, O`zbekistonning Qozon va Rostov-Don shaharlaridagi bosh konsulxonalari ma`lumotlariga asosan, 2020 yil 29-sentabr holatiga ko`ra Samara viloyatining «Kinel», Rostov viloyatining «Pervomayskaya» va «Lixaya» temir yo`l stansiyalari yaqinida O`zbekiston fuqarolarining to`planishi kuzatilmayapti.

TIV axborot xizmati xabar berishicha, to`plangan barcha fuqarolar avtobus reyslari va “O`zbekiston temir yo`llari” AJning maxsus poezdlari orqali vatanga qaytarilgan. Shu munosabat bilan ushbu stansiyalar yaqinidagi maxsus vaqtinchalik lagerlar ayni paytda yopilgan.

Mamlakatimizning Rossiyadagi diplomatik vakolatonalari xabar berishicha, so`nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya-Qozog`iston davlatlararo chegarasi joriy yilning 1-oktabridan ochilishi hamda Rossiyadagi O`zbekiston fuqarolari Qozog`iston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg`on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yo`lovchi tashish bilan shug`ullanadigan ayrim shaxslar shaxsiy avtomobil vositalarida O`zbekistonga qaytish to`g`risida turli e`lonlar tarqatmoqdalar.

Hamyurtlarimizdan bu kabi yolg`on xabarlarga ishonmasliklarini so`raymiz. Rossiya va Qozog`iston o`rtasidagi avtomobil chegaralari tomonlar ushbu masala bo`yicha maxsus qaror qabul qilgunga qadar chet el fuqarolari uchun yopiq qolishi haqida ma`lum qilamiz.

Hozirda Vatanga qaytishni istagidagi O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun avia, temir yo`l va avtobus charter qatnovlari tashkil etilmoqda. Ushbu reyslarga chiptalar onlayn tarzda sotilmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqalorning bir joyda to`planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Rossiya hududida bo`lgan vatandoshlarimizdan joylarda to`planmaslik, barcha karantin talablariga qat`iy rioya qilish hamda o`zlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo`ymasliklarini yana bir bor so`raymiz, deyiladi TIV murojaatida.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1