1

O`zbekistonda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanish va o`lim holati statistikasi qanchalik ishonchli? “Yuksalish” umummilliy harakati mas`ullarni to`liq va xolis axborot berishga chaqirmoqda

Jamiyat 29.09.2020, 16:26
O`zbekistonda COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanish va o`lim holati statistikasi qanchalik ishonchli? “Yuksalish” umummilliy harakati mas`ullarni to`liq va xolis axborot berishga chaqirmoqda

O`zbekistonda ilk bor koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati aniqlanganiga olti oydan ko`proq vaqt o`tdi. Bu davr mobaynida Hukumat tomonidan sog`liqni saqlash tizimi tayyorgarlik ko`rishi uchun ikki marta qat`iy karantin cheklovlari joriy etildi, tibbiyot muassasalari tezkorlik bilan ishga tushirildi, jarayonga tibbiyot xodimlari safarbar qilindi.

“Yuksalish” umummilliy harakati Matbuot xizmati bu borada erishilgan ijobiy natijalarni qayd etarkan, biroq ko`rilayotgan choralarning samaradorligi bilan bog`liq savollar jamoatchilik orasida tobora ko`payib borayotganligini aytmoqda. Bu esa fuqarolarda qabul qilinayotgan qarorlarga ishonchsizlik ortishiga sabab bo`lmoqda. Harakat a`zolari hamda fuqarolar tomonidan bildirilayotgan fikrlar va yuborilayotgan murojaatlar sog`liqni saqlash tizimiga bir qator asosli savollar mavjudligini ko`rsatmoqda: 

Birinchidan, COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanish va o`lim holati statistikasi qanchalik ishonchli?
Albatta, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat haqida kunlik ma`lumotlar e`lon qilinmoqda. Masalan, Sog`liqni saqlash vazirligining 29 sentyabr (soat 10:00) holatiga ko`ra, 56 068 nafar kishida kasallik qayd etilgan. Ularning 52 466 (94 foizi) nafari davolanib chiqqan, hozirda tibbiyot muassasalarida 3 139 nafar bemor davolanmoqda. 

Ammo uyda davolanayotgan bemorlarning umumiy soni-chi? Agar tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar bor-yo`g`i 3 139 nafar bo`lsa, nega hali ham shifoxonalarda joy etishmayotgani haqida xabarlar kelmoqda va zudlik bilan yangi joylar tashkil etilmoqda? Masalan, birgina Toshkentda qo`shimcha ravishda 10 000 ta yotoq o`rinlari tashkil etish rejalashtirilgan. 

Bundan tashqari, Sog`liqni saqlash vazirligi so`nggi bir hafta davomida o`lim holati to`g`risida umumiy axborot bermayapti, kunlik statistik ma`lumot bilan cheklanmoqda xolos. Bu ma`lumotlarga fuqarolar shubha bilan qarayotgani kuzatilmoqda.
Pnevmoniya va uning natijasida bo`layotgan o`lim holatlari bo`yicha statistika ham aniq emas. Vaholanki, JSST mamlakatlarni ushbu ikki ko`rsatkichni birlashtirishga da`vat etdi. Masalan, Qozog`iston va Qirg`izistonda koronavirus va koronavirus pnevmoniyasidan o`lim statistikasi alohida e`lon qilinmoqda. 


Ikkinchidan, aholining koronavirusga test topshirish qamrovi ta`minlanmoqdami, tahlil natijalarini qanchalik tez olish imkoni bor va ularga ishonish mumkinmi? 

Davlatimiz rahbari 15 iyul kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida koronavirusga o`z vaqtida test topshirish va uning natijalarini ertasi kuni olish uchun mavjud imkoniyatlarni safarbar qilishga topshiriq bergan edi. Biroq COVID-19ga test topshirish va uning javoblarini o`z vaqtida olish qiyinligi haqida shikoyatlar haligacha jamiyatning kun tartibida turibdi.

Bundan tashqari, test tahlili natijalari ham ishonchsizlikka sabab bo`lmoqda. Kuni-kecha Koreya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi O`zbekistondan Koreyaga uchinchi mamlakat orqali uchib borayotgan fuqarolarimiz qo`lida PZR-test natijasi manfiy bo`lgan ma`lumotnoma bo`lishiga qaramay, COVID-19ga namuna olinganda, boshqa mamlakatlarga nisbatan natijalar ko`proq ijobiy chiqayotgani haqida ma`lum qildi. Elchixona xabarida, shuningdek, ba`zi fuqarolarimiz PZR-testining salbiy natijasi haqidagi ma`lumotnomalarni soxtalashtirayotgani yoki salbiy test natijasini olish uchun shifoxonada qasddan noto`g`ri test o`tkazilishiga erishishayotgani yoxud uchinchi davlat tranzit hududida kasallikni yuqtirib olayotgani sabab qilib ko`rsatilgan.

Uchinchidan, koronavirusga qarshi kurash bo`yicha maxsus shtab tarkibiga qaysi shaxslar, shu jumladan qaysi mutaxassislar kiritilgan?

Prezidentimizning joriy yil 29 yanvardagi farmoyishiga binoan Bosh vazir boshchiligida O`zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo`yicha respublika maxsus komissiyasi tuzildi. Komissiya 25 kishidan iborat bo`lib, ularning ro`yxati farmoyishning ilovasida keltirilgan. Ammo koronavirusga qarshi kurash bo`yicha tuzilgan maxsus shtab takibida kimlar borligi noma`lumligicha qolmoqda.

To`rtinchidan, mamlakatdagi epidemiologik vaziyat, navbatdagi to`lqinga tayyorlik, vaksinalar sotib olish choralari to`g`risidagi hisobotlarni nega Respublika maxsus komissiyasi taqdim etmayapti? 

Misol uchun, O`zbekistonning ikkinchi to`lqinga tayyorligi to`g`risida sog`liqni saqlash vaziri yoki ushbu sohaga mas`ul Bosh vazir o`rinbosari emas, mutaxassis darajasidagi shaxslar ma`lum qilmoqda. Bunday muhim bayonotni yuqori kompetensiyaga ega shaxslar tomonidan e`lon qilinishi xabarning ishonchlilik darajasining yuqoriligini ta`minlashi ma`lum.  

Umuman olganda, qaror qabul qilish jarayoni qanchalik shaffof? Albatta, bunday favqulodda vaziyatda qarorlar zudlik bilan qabul qilinadi. Hech bir davlatda tayyor resept mavjud emas. Biroq keyingi “tajriba” ishlamasa, mas`uliyatni kim o`z bo`yniga oladi? Dezinfeksiya tunnellari, davolash protokollariga kiritilgan va keyinchalik ulardan chiqarib yuborilgan dori-darmonlar bunga yaqqol misol bo`la oladi.

Pandemiya paytida sog`liqni saqlash tizimiga va bir qator davlat idoralariga mamlakat rahbariyati va fuqarolar tomonidan kart-blansh (keng vakolatlar) berildi, samarali faoliyat yuritishlari uchun sharoitlar yaratildi, shu jumladan o`z vaqtida moliyalashtirildi va chet ellik mutaxassislar jalb qilindi. Biroq hozircha munosib samara va natija kuzatilmayapti.

Shu munosabat bilan, “Yuksalish” umummilliy harakati mas`ul idoralar rahbarlarini quyidagilarga chaqiradi: 

1. Respublika maxsus komissiyasi va Sog`liqni saqlash vazirligi mamlakatda COVID-19 tarqalishi bilan bog`liq vaziyat to`g`risida fuqarolarni to`liq va xolis axborot bilan ta`minlab borish, xususan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining aniq ko`rsatkichlari va o`choqlari, uyda davolanayotgan odamlar, vafot etganlar soni ko`rsatilgan kunlik batafsil hisobotlarni e`lon qilib borish.  
2. COVID-19 yuqishi natijasida kelib chiqqan pnevmoniya holatlarini va koronavirus infeksiyasini yaxlit statistik ma`lumotlar ko`rinishida birlashtirish, shu jumladan pnevmoniyani yuqtirgan va uning oqibatida vafot etganlar sonini taqdim etish.
3. Koronavirusga qarshi kurash bo`yicha shtab a`zolarining to`liq ro`yxatini jamoatchilikka taqdim etish.
4. Fuqarolarni epidemiologik vaziyat haqida xabardor qilishga qaratilgan brifing va matbuot anjumanlarida vazirlik va idoralar rahbariyati darajasidagi vakolatli shaxslar, Respublika maxsus komissiyasi a`zolarining ishtirok etishini ta`minlash.


Yopiqlik, ayrim masalalar yuzasidan sukut saqlash va noaniqlik vahima, mish-mishlar tarqalishining, axborot makonida feyklar ko`payishining omillari bo`lib, pirovardida fuqarolarda hukumatga nisbatan ishonchsizlik ortishiga olib keladi, deb hisoblaymiz. Davlat rahbari koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishning haqiqiy holati bo`yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo`l qo`ymaslik to`g`risida barcha hokim va rahbarlarni ogohlantirdi. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo`lgan qat`iy choralarga olib kelishi mumkinligini ta`kidladi. Ishonchli, xolis, o`z vaqtida berilgan ma`lumotlar fuqarolarga asosli qarorlar qabul qilishga, o`zlari va boshqalarning sog`lig`ini himoya qilish uchun mas`uliyat bilan yondashishga imkon beradi.

Pandemiya butun dunyoda to`liq bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilib bo`lmaydi. Barcha yurtdoshlarimizni xushyorlikka, juda ehtiyotkorlik bilan karantin va sanitariya-gigiena qoidalariga qat`iy amal qilishga chaqirib qolamiz, , deyiladi Matbuot xizmati xabarida.  

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1