AsosiyJamiyat

Qandli diabeti bor bemorlarda nima uchun koronavirus og`ir kechadi?

'Qandli diabeti bor bemorlarda nima uchun koronavirus og`ir kechadi?'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xodimlari Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi diabetologiya bo`limi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Feruza TOHIROVA bilan qandli diabet va koronavirus mavzusida suhbatlashdi. Mutaxassis koʼpchilikni qiziqtiruvchi savollarga batafsil javob berdi.

— Aholi orasida qandli diabet keng tarqalayotganining sababi nimada? Xastalikning ilk belgilari qanday namoyon bo`ladi?

— Qandli diabet xastaligining bosh sababi sog`lom turmush tarziga rioya qilmaslik hisoblanadi. Jumladan, noto`g`ri ovqatlanish, kamharakatlilik sababli rivojlanadigan ortiqcha semizlik qandli diabetga bo`lgan moyillikni oshiradi. Diabet belgilari uning turiga qarab farqlanadi.

Kasallikning asosiy belgilari quyidagilar: doimiy chanqoqlik, kuniga uch litrdan ko`p suyuqlik ichish, hojatxonaga tez-tez ehtiyoj sezish, ishtaha ochilsa-da vazn kamayishi, yaralarning sekin bitishi, doimiy charchoq va xotiraning pasayishi. Ayrim insonlarda oyoqlar og`rig`i kuzatilishi mumkin. Kasallikning dastlabki belgilari kuzatilgandayoq shifokorga murojaat qilish kerak. Har bir kishi o`zining tanasi vaznini nazorat qilib borishi, uning me`yoriy ko`rsatkichlardan oshib ketishiga yo`l qo`ymasligi lozim bo`ladi.  

— Xalqimizda kuchli qo`rquvdan qandli diabet kelib chiqadi degan gap bor. Bu ilmiy isbotlanganmi?  

— Agar insonda qandli diabetga moyillik bo`lsa va u kuchli qo`rquvni boshdan kechirsa, bu insonda qandli diabet bo`lish ehtimoli bor. Inson hayotda yashar ekan, turli kutilmagan voqealarga duch keladi, turli sinovlarni boshdan o`tkazadi. Surunkali davom etuvchi stress holatlari, uyqusizlik, gipertoniya kasalligi hamda ayrim dori preparatlari (nikotin kislota, glyukokortikoidlar, tireoid gormonlar) qandli diabet kasalligi paydo bo`lishida muhim rol o`ynaydi.

Hayot davomida me`yordan ortiq ovqat iste`mol qilish va energiyani sarf qilmaslik natijasida organizmda energiya balansi buziladi. Odatdagidek sarf bo`lmayotgan energiya organizmda glikogen va yog`lar ko`rinishida to`planib boradi. Bu jarayon kuchayib borgani sari organizmda insulinga sezuvchanlik kamayib boradi va bu holat uglevodlar almashinuvi buzilishiga olib keladi. Ya`ni, 2-tur qandli diabetning paydo bo`lishi ijtimoiy holatga emas, balki kamharakatlik, noto`g`ri va tartibsiz taomlanishga bog`liq.

— Qandli diabeti bor insonlarda koronavirus infeksiyasining og`ir kechishining sababi nimada? Bu xastalik immunitet tizimiga ham o`z ta`sirini o`tkazadimi?

— Qandli diabeti bo`lgan insonlar turli xil infeksiyalarga moyil bo`ladi. Sababi shakar mikroblar uchun ozuqa moddasi hisoblanadi. Agar qandli diabeti bor bemor qonida glyukoza ko`p bo`lsa, koronavirus ushbu bemorlarda og`ir kechadi. Sababi kasallikda kuzatiladigan «sitokinlar hujumi» uchun shakar quvvat manbaidir. Ayniqsa, tana vazni ortiqcha bo`lgan qandli diabeti bor insonlarda koronavirus og`ir kechadi.

Qandli diabetga chalingan bemorlar koronavirusdan davolanish barobarida, diabetni ham davolashda davom etishi lozim. Sababi koronavirus jarayonida qand miqdori oshib ketsa, bu og`ir asoratlarga olib keladi.  

Tekshiruvlar natijasida shu narsa aniq bo`ldiki, koronavirus yuqqan paytda immunitetni sun`iy ravishda oshirib bo`lmaydi. Ammo vitamin D, S, Sink va magniy kabi vitaminlarni qabul qilish tavsiya etiladi. Bu dorilar koronavirusni davolamaydi, lekin ular immunitetni bir maromda ushlab turishga xizmat qiladi. Odam organizmida immunitet me`yorda bo`lishi uchun bu vitaminlar kerak bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar