AsosiyJamiyat

Konimex tumani hokimi xalqdan uzr so`rab, aholiga murojaat qildi

'Konimex tumani hokimi xalqdan uzr so`rab, aholiga murojaat qildi'ning rasmi

 Konimex tumani hokimi xalqdan uzr so`radi va yo`l qo`yilgan kamchiliklar yuzasidan aholiga murojaat qildi. 

 O`zAning yozishicha, 2020 yil 1 maydagi Prezident qaroriga asosan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy ko`rsatkichlar, tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi o`rganildi.

Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “o`rta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “o`rta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yil 24 sentyabr kuni o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida tuman va shaharlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko`rsatkichlari natijasiga ko`ra, “qoniqarsiz” deb topilgan tuman, shahar rahbarlariga jamoatchilik oldida kamchiliklarni tan olib, uni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida ma`lumot berishi zarurligi vazifasi topshirildi.

Ayni paytda Navoiy viloyatining Konimex tumani hokimligida xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdagi sessiyasi bo`lib o`tmoqda.

Sessiyada sektor rahbarlari yo`l qo`yilgan kamchiliklar yuzasidan aholiga murojaat qilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan vazifalar bo`yicha rejalarini taqdim etdi.

Konimex tumani hokimi Muratxan Egamqulov dastlab hududning "qoniqarsiz" hududga o`tib qolishi sabablarini ma`lum qilib, keyingi rejalarga ham to`xtaldi.

4 ta sektor rahbari xalqdan tuman "qoniqarsiz" hududga o`tib qolgani uchun uzr so`radi.

"Aholining yaxshi yashashga haqqi bor. Buning uchun biz rahbarlar bilvosita ham, bevosita ham mas`ulmiz. Yil oxirigacha tumanni "o`rta", keyingi yil "yaxshi" hududga o`tkazishga va`da beramiz", dedi tuman hokimi.

Shuningdek, hokim o`z majburiyatlarini to`liq bajarmasa lavozimni tark etishga tayyorligini bildirdi.

Sessiya davomida sektor rahbarlari tomonidan yo`l qo`yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha yil yakuniga qadar va kelgusi yilning birinchi yarmida aniq raqamlarga asoslangan o`zgarish qilish majburiyatini o`z zimmasiga oldi.

    Boshqa yangiliklar