1 oktyabr — O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Qishloq xo`jaligi vaziri bayram tabrigi yo`lladi.
Sizlarni O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligi va ko`p ming sonli soha xodimlari nomidan umumxalq bayrami-Ustozlar va murabbiylar kuni munosabati bilan tabriklayman.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida yangi O`zbekistonni bunyod etish, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha jabhalaridagi jadal islohotlar, ilm-fan yutuqlari, innovasion va raqamli texnologiyalarga tayangan holda milliy taraqqiyotga erishish borasida mamlakatimizda keng qo`lamli tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo`ljallangan strategiyasida belgilangan ustuvor yo`nalishlar asosida sohada ilm-fan va ishlab chiqarishni integrasiyalash, ilg`or xorijiy tajriba va zamonaviy bilimga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlashga davlat darajasida e`tibor kuchaytirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 19 avgustdagi “Toshkent davlat agrar universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi,
2020 yil 30 iyuldagi “Agrar ta`lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorlari kabi muhim islohiy hujjatlar qabul qilinishi kadrlar tayyorlash jarayoniga xalqaro ta`lim standartlari va ilg`or pedagogik texnologiyalarni joriy etishda muhim omil bo`ldi.Andijon qishloq xo`jaligi va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali, 15 ta Agrotexnologiyalar texnikumlari tashkil etilishi soha uchun malakali kadrlar tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirdi. Kafedralarga ta`lim yo`nalishiga mos ilmiy-tadqiqot muassasalari biriktirilishi, kichik innovasion korxonalar va axborot-maslahat markazlari faoliyati yo`lga qo`yilishi, ilmiy, pedagogik va innovasion ishlarni o`zaro mujassamlashgan holda yuritish, ilmiy salohiyatni oshirishda qulay sharoitlar yaratdi.
So`nggi yillarda 9 nafar talabalar xalqaro va milliy fan olimpiada va tanlovlarida muvaffaqiyat qozongani, 10 nafar professor-o`qituvchilar hamda 8 nafar talabalarimiz davlat mukofotlariga,18 nafar talabalarimiz davlat va nomdor stipendiyalarga sazovor bo`lgani Sizlarning birdamlik va hamjihatlikdagi samarali faoliyatingiz e`tirofidir.
2019 yil yakunlari bilan Toshkent davlat agrar universiteti milliy retingda 5 pog`onaga ko`tarilib, mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalari ichida 6-o`ringa chiqishiga erishishida Siz, aziz ustozlarning hissangizni alohida mamnuniyat bilan qayd etaman. Kelgusida ta`lim sifatini oshirib bu natijani yanada yaxshilash bilan bir qatorda xalqaro reytingda ham oliy ta`lim muassasalarimiz mavqeini mustahkamlash uchun hamkorlikda yuqori ko`rsatkichlarga erishishingizga ishonaman.
Hurmatli ustozlar!
Yana bir bor Siz-qadri baland ustozlarni musharraf kasb bayramingiz bilan tabriklab, Sizga va oilangizga mustahkam sog`liq, uzoq umr, baxt va omadlar tilayman.
O`zbekiston Respublikasi
Qishloq xo`jaligi vaziri
J.Xodjaev