Ijtimoiy tarmoqlarda Payariq tumanidagi 97-umumiy o`rta ta`lim maktabining 10-sinf o`quvchisi Z.A.ning turmushga chiqqanligi bilan bog`liq ma`lumotlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan olib borilgan o`rganish ishlariga muvofiq Payariq tumani xalq ta`limi bo`limi quyidagilarni ma`lum qildi:
"Z.A.ning ota-onasi 2018 yilda ajrashgan. 2018 yil noyabr oyida Z.A.ning onasi Hilola M. Z.A. va yana uch nafar farzandini Payariq tumani “Fitrat” mahallasida istiqomat qiluvchi onasi Norchuchuk M.ga tashlab, Rossiya davlatiga ishlash uchun ketadi.
O`tgan vaqt davomida 97-umumiy o`rta ta`lim maktabi direktori A. Qorjovov, ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari M.Aminova, “Fitrat” mahallasi raisi M.Turdieva birgalikda ota-onasi xorijga ishlash maqsadida ketgan va yaqinlari qaramog`ida qolgan o`quvchilarning xonadonlarida bo`lib, ularning oilaviy sharoitlari o`rganilgan. Jumladan, Z.A. yashayotgan xonadonda ham bo`lib, buvisi Norchuchuk M.ga voyaga etmagan farzandlarning ta`lim-tarbiyasini alohida nazoratga olish bo`yicha tushuntirish-targ`ibot ishlari olib borilgan" deyiladi xabarda.
Ma`lum qilinishicha, pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda, 97-umumiy o`rta ta`lim maktabida an`anaviy darslar joriy yilning 28 sentyabridan boshlandi. Maktabning 9-sinfini bitirgan Z.A. yangi o`quv yilidan o`z qiziqishlari va xohish-istagiga ko`ra, Payariq tumani 2-son kasb-hunar maktabida tikuvchilik yo`nalishi bo`yicha o`qishni davom ettirmoqda. Joriy yilning 1 oktyabrida esa yaqinlarining roziligi bilan turmushga uzatilgan.
Payariq tumani XTB Konstitusiyaning 64-moddasida ota-onaning farzandlarini boqish va tarbiyalashga majbur ekanligi belgilangani, shuningdek, Oila kodeksining 73-moddasida “Ota-onaning bolalarga ta`lim-tarbiya berishga oid huquq va majburiyatlari” aniq belgilab qo`yilganini eslatib o`tgan.






