Avvalroq Surxondaryo viloyati, Qumqo`rg`on tumanida 6,5 milliard so`mga qurilgan ko`prik 1 yil-u 7 oyda avariya holatiga kelib qolgani haqida xabar va videolar tarqalgandi.
Surxondaryo viloyati hokimligi ushbu xabar yuzasidan izoh berdi.
Izohga ko`ra, umumiy foydalanishdagi davlat ahamiyatiga ega 4R-105 “Darband q. – Boysun sh. – Elbayon q.” avtomobil yo`lining Qumqo`rg`on tumani hududidan o`tuvchi 70-89 km hamda avtomobil yo`lining 76 km qismidagi “Polvontosh” selgasidagi ko`prik 2013 yilda sodir bo`lgan tabiiy ofat oqibatida zarar ko`rgan. Qumqo`rg`on tumani hokimining 2013 yil 5 sentyabrdagi 74-sonli qaroriga asosan mazkur ob`ektga “Bahrom universal qurilish” MChJ pudratchi etib belgilangan.
2014 - 2018 yillarda ko`prikning asosiy qurilish ishlari yakunlanib, avtotransport vositalari harakati uchun ochilgan. Ammo buyurtmachi viloyat avtomobil yo`llari hududiy Bosh boshqarmasining rasmiy ogohlantirish xatlari va qonunda belgilangan tartibda qo`llagan jarima tadbirlariga qaramasdan, pudratchi “Bahrom universal qurilish” MChJ tomonidan loyihada ko`zda tutilgan qoldiq ish hajmlari – qirg`oqni mustahkamlash ishlarini bajarish uzoq vaqt paysalga solib kelingan. Oqibatda esa 2019 - 2020 yillar, jumladan, joriy yilning mart-aprel oylarida sel oqimi odatdagi hajmga nisbatan 3-4 barobar ko`p kelganligi natijasida ko`prikka jiddiy zarar etgan.
Shundan so`ng, hududda yashovchi aholiga qatnov uchun vaqtincha aylanib o`tish yo`li (ob`ezd) qurilgan.
"Pudratchiga nisbatan ta`sir choralari samarasiz qolayotganligi inobatga olinib, viloyat avtomobil yo`llari Bosh boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasiga murojaat qilingan. Hozirda pudratchi tomonidan shartnoma shartlarini bajarmaslik holati yuzasidan Termiz transport prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Hozirda mazkur ob`ektda pudratchi almashtirilib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilish va uni tiklash ishlari olib borilmoqda. Ushbu jarayonda qurilish ishlari sifati to`liq laboratoriya nazoratiga olingan. Ko`prikda sodir bo`lgan tabiiy ofat oqibatlari qisqa muddatlarda to`liq bartaraf qilinadi", deyiladi hokimlik izohida.






