Joriy yilning 3 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Mirishkor tumani YPX xodimi belgilar farqiga bormaydimi?” sarlavhasi ostidagi video lavha tarqaldi.
IIV YHXBB Axborot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 30 sentyabr kuni Mirishkor tumani IIB YHXG YPX ispektori N.Bo`riev belgilangan taqsimot asosida Jeynov qishlog`i hududidan o`tuvchi 4K278 yo`lining 38-kilometrida xizmat olib borgan.
Video lavha o`rganilganda ma`lum bo`lishicha, o`sha vaqtda, “Jeynov dehqon bozori” ro`parasida o`rnatilgan 3.27. - “To`xtash taqiqlangan” va ushbu yo`l belgisi ostida o`rnatilgan 7.1.1. – “Manzilgacha bo`lgan masofa” yo`l belgilaridan keyin to`xtab turgan “Matiz” haydovchisining yoniga borib, o`zini tanishtirib, taqiqlovchi belgi ta`sir doirasida to`xtab turganligiga e`tiroz bildirgan.
Haydovchi ham o`z e`tirozlarini, yo`l belgisi 150 m masofadan so`ng ta`sir etishini aytib, holatni shaxsiy uyali aloqa vositasi orqali tasvirga olgan va ijtimoiy tarmoqda tarqatgan.
Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB YHXB tomonidan xizmat tekshiruvi o`tkazilmoqda.






