Bloger o`z kanalida sog`-omon ammo uyidan ayrilib, boshpanasiz qolgan sardobalik bir oila haqida post joylashtirdi.
Unda aytilishicha, Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani, Haqiqat mahallasi, Bo`ston ko`chasida ilgari molxona, omborxona bo`lgan joy endi bir oila uchun boshpanaga aylanganligi aytilgan.
"Bu erda 44 yoshli idish yuvuvchi bo`lib ishlaydigan ayol, uning turmushi o`xshamagan 25 yoshli sanitarka bo`lib ishlaydigan qizi Dildora, 16 yoshli yana bir qizi yashaydi. Bu uyda erkak zotidan faqatgina katta qizining besh yoshli o`g`li bor.
Biz jamiyat sifatida tong sahardan uxlab yotgan odamlar ustiga yopirilgan suv go`yoki Sardoba tumanida, 1-sovxozda hech kimni oqizib ketmagandek, go`yo dahshatli hech narsa sodir bo`lmagandek tutdik o`zimizni. Dom-daraksiz yo`qolganlar haqida ham hech qanaqa ro`yxat yo`q, jimjitlik. Og`ir sukunat. Bu endi aybdorlarning vijdoniga havola", -- deydi o`z postida bloger.
Lekin sog`-omon ammo uyidan ayrilib, boshpanasiz qolganlarning holi ne kechadi?
To`g`on buzilganda oddiy sanitarka Dildora Ashirovaning uyini butunlay suv bosgan. Faqat poydevor qolgan. Bu haqda bloger o`zida video faktlar borligini aytadi. Bu oila suv toshqinidan jabrlanganlar sifatida hech qanday moddiy yordam olmagan. Sababi...
"Tupkadagi bir qishloq joy bo`lgani uchun uyining kadastri ham yo`q edi. Kadastrni bahona qilib, davlat ularga uy bermadi, o`rniga besh qavatli yangi uydan kreditga xonadon sotib olishni taklif qildi.
Bunday oilaning qanday qilib, qaysi puliga uy sotib olishi mumkinligini tasavvur qilishning o`zi qiyin.
To`g`on buzilishida oddiy odamlarning aybi bo`lmasa, nima uchun u o`ziga uy sotib olishi kerakligini-ku umuman gapirmasa ham bo`ladi", deydi bloger.
So`zining yakunida bloger Sardobada jabr ko`rgan bu odamlarning muammolariga e`tibor qaratilishini so`ragan.
"Dildora va unga o`xshaganlarga uy berishingizni iltimos qilaman! Davlat hisobidanmi, pudratchilar yo laqqa baliqlar hisobidanmi farqi yo`q. Lekin qandaydir shubhali qurilish tizimini deb jabrlanganlarning bo`yniga kredit osib qo`ymaslik kerak. Vatanimizning "buyuk kelajagi" bo`lgan bolalariga molxonaning burchagi emas, tuzukroq sharoit yaratish kerak... Qish yaqin qoldi."






