To`y va marosimlar faqat bir kunda o`tkaziladi. "Quda chaqirdi", "kuyov chaqirdi", "tog`ora yuborish" kabilarga yo`l qo`yilmaydi.
Xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining o`n uchinchi sessiyasida to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlarni o`tkazish tartibi ko`rib chiqildi. Kengash qaroriga ko`ra, karantin davrida respublika maxsus komissiyasi qaroriga qat`iy rioya qilgan to`ylar, oilaviy tantanalar, ma`raka va marosimlar faqat bir kun soat 06:00 va 23:00 oralig`ida 30 nafar ishtirokchi bilan o`tkazilishi belgilandi.
Qarorga muvofiq, to`y o`tkazuvchi shaxslar to`ydan kamida bir hafta oldin yashash joyidagi fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari (mahalla)ni xabardor qilishi zarur. Shuningdek, milliy an`analarga yot «kelin navkari», «chorlar», «ota ko`rdi», «sep yoydi», «quda chaqirdi», «kuyov chaqirdi», «kelin chaqirdi», «tog`ora yuborish» kabilarni o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi.
Dafn etish va motam marosimlari bilan bog`liq ortiqcha tadbirlar -«etti», «payshanbalik», «yakshanbalik», «yigirma», «qirq», «hayit», «yil oshi», «pul tarqatish», «mato ulashish» kabilarni o`tkazish ta`qiqlanadi.






