1

23 yilu 6 oyga qamalgan mahkumning jazosini engillatish shikoyati nega qanoatlantirilmadi? U qanday jinoyat qilgan edi?

Jinoyat 07.10.2020, 09:23
23 yilu 6 oyga qamalgan mahkumning jazosini engillatish shikoyati nega qanoatlantirilmadi?  U qanday jinoyat qilgan edi?

Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi kassasiya instansiyasi sudlov hay`ati o`z binosida, yopiq sud majlisida JIB Toshkent shahar sudining 2011 yil 10 noyabrdagi hukmiga ko`ra, 1980 yil Andijonda tug`ilgan mahkumga nisbatan chiqarilgan hukmga u tomonidan keltirilgan kassasiya shikoyatiga asosan jinoyat ishini kassasiya tartibida ko`rib chiqildi. Bu haqda Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining sudyasi Hamidjon ShAMShIEV xabar qildi... 

Mahkum Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybli deb topilib, JK 59-moddasiga asosan jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan 23 yilu 6 oy uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

                                                                 U QANDAY JINOYaT QILGAN EDI?

Ma`lum bo`lishicha, mahkum 2006 yil avgustda tanishlari bilan birgalikda Moskvaga borib, u erda yollanma ishchi sifatida turli qurilish ishlarida ishtirok etib, bajargan ishlari uchun olgan ish haqi bilan hayot kechirib kelgan. 2007 yilning sentyabrida Andijon viloyati, Bo`z tumanida tug`ilgan tanishi bilan birga Rossiya Federasiyasi fuqarosiga tegishli, Moskva viloyatidagi bir qishloqda joylashgan uyga boradi. U erda Rossiya Federasiyasi fuqarosi bilan qurilish mollari do`konida va uning xonadonida qurilish ishlarini amalga oshirishni 50.000 rubl evaziga kelishgan.

Mahkum tanishi bilan birga 2007 yilning oktyabrida kelishilgan ishlarni tamomlashadi. Bu haqda xonadon egasiga ma`lum qilib, ish haqini berishni talab qilganida u ish haqini bermasligini ma`lum qilgan. Uy egasining mazkur harakatlari uchun undan qasos olish maqsadida ikkovlon spirtli ichimlik iste`mol qilib, mast holatga tushishadi. Uy egasining xonadonida mol-mulki borligini bilib, bosqinchilik yo`li bilan xujum qilish va uy egasinigina emas, balki o`sha xonadonda yashagan Rossiya Federasiyasi fuqarosi ayolni o`ldirib, nomusiga tegishni, mol-mulklarini qo`lga kiritish rejasini tuzishadi.

Rejasini amalga oshirish uchun ikkovi vazifalarni o`zaro taqsimlab olishadi. Unga ko`ra, mahkum xonadon egasini o`zlari vaqtincha yashab turgan garajning 2-qavatiga olib chiqishi, so`ng janjal chiqarishi, tanishi esa shu fursatdan foydalanib, uy egasini orqa tomonidan xujum qilib, o`ldirishi kerak edi. So`ng uy egasining jazmanini nomusiga birgalikda tegib, uni ham o`ldirishlari va mol-mulklarni egallashi lozim bo`lgan.

Mazkur jinoiy reja asosida harakat qilib, mahkum garaj elektr yoritgichi o`chib qolganini bahona qiladi. Uni yoqishdan yordam berishlikni bildirib, xonadon egasini yoniga chaqirgan. U mahkumning oldiga, garajning 2-qavatiga chiqqanidan so`ng sun`iy ravishda o`zaro janjal chiqarib, uni chalg`itib turadi. Qulay fursat kutib turgan tanishi o`ziga yuklangan jinoiy reja asosida harakat qilib, garajning 1-qavatidan 2-qavatiga ko`tarilib, uy egasi va mahkum o`zaro tortishib turganini ko`rib, shu atrofda bo`lgan uzunligi 845 mm. bo`lgan temir truba bo`lagini qurol sifatida foydalanish uchun qo`lga oladi. Uy egasining orqa tomonidan bir necha marta urib, unga og`ir tan jarohati etkazgan. Natijada uy egasi hushidan ketib, polga yiqilgan. Uni o`lmaganini ko`rgan mahkum uning hayoti uchun muhim bo`lgan organlariga bir necha marta tepib, urib, so`ng tanishini qo`lidagi temirni olib, yana badanini turli sohalariga yana urgan.

Shundan so`ng, ikkovlon kelishib, uy egasini o`lganiga yanada ishonch hosil qilish uchun shu atrofda bo`lgan elektr kabel bilan bo`g`ib o`ldirishgan.

Keyin marhumning xonadonida dam olayotgan marhumning jazmaniga garaj kalitini topib berishlikni bahona qilishadi. Ayol “kalit qaerda ekanini bilmayman”, deya ortga qaytmoqchi bo`lganida mahkum qo`lidagi temir truba bo`lagi bilan uning bosh peshona va ensa sohalariga urib, og`ir tan jarohati etkazgan. Natijada ayol hushidan ketib yiqilgan. Ikki sherik zo`rlik ishlatib, ayolning nomusiga tegadi... Jinoiy xarakatlaridan keyin ham ayol nafas olayotganini ko`rib, og`iz-burnini qo`llari bilan berkitib o`ldiradi.

Maqsadga erishish uchun xonadonda tintuv o`tkazib, jami 119.340 rubl (6.113.788 so`m) qiymatidagi mulklarini bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritishadi.

Mazkur jinoiy qilmishlari fosh bo`lishi va huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qo`lga olinishidan qo`rqib, jinoiy javobgarlikdan qutilish maqsadida qo`lga kiritilgan mol-mulklarni o`zlari bilan olib, u erdan O`zbekistonga qochib kelishgan. 

Sirdaryo viloyati orqali chegara postlarini chetlab, qonunga xilof ravishda Qozog`istonga o`tib, u erda 2008 yil yanvarga qadar bo`lishadi. So`ng yana chegara postlarini chetlab, belgilangan tartibni buzib, O`zbekistonga qaytib o`tib, tergov organidan yashiringan.

Bundan tashqari, mahkum 2011 yil mart oyida tanishi bilan takroran bosqinchilik yo`li bilan o`zganing mol-mulkini talon-taroj qilish maqsadida bir guruhga birlashishadi. Bir fuqaroning Guliston shahridagi uyiga borib, uning hayoti va sog`lig`i uchun muhim bo`lgan organlariga temir truba bo`lagi, hamda qo`l va oyoqlari bilan urib tan jarohati etkazishadi. Xonadonda bo`lgan jabrlanuvchiga tegishli 100.000 so`m naqd pul, 1 dona baxosi 80.000 so`m bo`lgan televizor, sport sumkasi va ichida bo`lgan kiyimlarini bosqinchilik yo`li bilan qo`lga kiritib, voqea joyidan yashiringan. 

Mahkum kassasiya shikoyatida qilmishidan pushaymonligi, xatosini tushunib etgani, sud tomonidan og`ir jazo tayinlangani sababli, jazoni engillatishni so`ragan. 

Kassasiya instansiyasi, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudi sudyasi X.Shamshievning ma`ruzasi, Toshkent shahar prokurori katta yordamchisi X.Parpievning sud hukmini o`zgarishsiz qoldirish haqidagi xulosasi, sudlanganning himoyachisining kassasiya shikoyatini qanoatlantirish haqidagi fikrlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlari tahlil qilindi. Shikoyatda keltirilgan vajlarni atroflicha o`rganib chiqib, quyidagilarga ko`ra, sud hukmini o`zgarishsiz qoldirishni lozim topdi:

  • Birinchi instansiya sudi tomonidan jinoyat ishini sudda ko`rishda JPKning 22, 26-moddalari talablariga to`liq rioya qilingan.
  • Sud hukmida bayon etilgan xulosalar haqiqiy ish holatiga muvofiq. Ushbu xulosalar sud muhokamasida JPKning 95-moddasi tartibida baholangan dalillar bilan asoslantirilgan.
  • Mahkumning sudning hukmida bayon etilgan jinoyatlarni sodir etishdagi aybi, sudda o`zining aybiga to`liq iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmasidan tashqari, sudda so`roq qilingan ish bo`yicha sudlanganlar, jabrlanuvchi, jabrlanuvchilar vakillari, guvohlar va boshqalarning dastlabki tergov va suddagi ko`rsatmalari, shuningdek, 2007 yil 12 oktyabrdagi voqea joyini ko`zdan kechirish bayonnomasi va unga ilova foto jadvallar, sud-tibbiy ekspertizasining xulosalari, daliliy ashyolar, narsalarni ko`zdan kechirish bayonnomasi, guvoh tomonidan shaxsni foto sur`atdan tanib olish bayonnomasi, yuzlashtirish bayonnomalari kabi dalillar bilan o`z tasdig`ini topgan.

Shuningdek, birinchi instansiya sudi mahkumga nisbatan jazo turi va miqdorini tayinlashda Oliy sud Plenumining 2006 yil 3 fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to`g`risida”gi 1-sonli qaroridagi tushuntirishlarga amal qilib, unga nisbatan u aybli deb topilgan moddalar sanksiyasida nazarda tutilgan uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlab to`g`ri xulosaga kelgan.

Sudlov hay`ati mahkum tomonidan shikoyatda keltirilgan vajlarni muxokama qilib, mahkumga nisbatan jazoni engillatish uchun asoslar topilmadi. Shu sababli sudlov hay`ati, Jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar sudining 2011 yil 10 noyabrdagi hukmining mahkumga oid qismini o`zgarishsiz va shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim topdi.
 

                                                                                                                                          S.ALLABERGANOVA, jurnalist

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1