O`zbekiston fuqarolari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hay`at majlislarida ishtirok etishlari mumkin.
“O`zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi Qonunini amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ijrosi to`g`risida”gi qarori bilan davlat organlari yig`ilishlarida axborot foydalanuvchilarining ishtirok etish tartibi to`g`risidagi namunali nizom tasdiqlandi.
Unga ko`ra, davlat hokimiyati organlari ochiq hay`at majlislarining o`tkazilish rejalarini tegishli va maxsus ajratilgan o`rinlarda joylashtirishi lozim. Rejada kun tartibi, tadbirning o`rni va vaqti ko`rsatilishi lozim. E`lon yig`ilish o`tkazilishidan kamida 3 kun oldin joylashtirilishi kerak.
Yig`ilishda ishtirok etishni istagan fuqarolar ariza bilan murojaat qiladi. Ariza ko`rib chiqilib, u yig`ilishda ishtirok etuvchilar ro`yxatiga kiritiladi va bu haqda fuqaroga xabar qilinadi.
Zalda fuqarolarga alohida joy ajratiladi, joy etmagan taqdirda, ularga videoaloqa orqali yig`ilishni kuzatish imkoniyati yaratiladi. Rais tomonidan yig`ilish ochilgani e`lon qilinganidan so`ng kelganlar kechikkan hisoblanib, tadbirga kiritilmaydi.
Yig`ilish davomida fuqarolar savol bilan murojaat qilishlari mumkin, deya xabar beradi Uz24.uz nashri Norma.uz’ga tayangan holda. Axborotdan foydalanuvchilarga majlis o`tkazilayotgan vaqtda fotosuratga, video tasvirga olishga, ovoz yozishga ruxsat berilmaydi.





