Kuni kecha, Akmal Burxonovga tayangan holda "Samarqandda koronavirusga chalinganlar 10 baravar kamaytirib ko`rsatilgani ma`lum qilindi" sarlavhasi ostida maqola e`lon qilindi.
Shundan so`ng, SSV ushbu holatga munosabat qilib, vazirlik statistikani yashirib ko`rsatishdan manfaatdor emasligini bildirdi.
Ayni paytda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o`z rahbari keltirgan ma`lumotlar ortidan yuzaga kelgan holat yuzasidan quyidagilarni ma`lum qilmoqda:
Darhaqiqat, joriy yilning 6 oktyabr kuni Agentlikda OAV va blogerlar uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida COVID-19 bilan davolanayotgan bemorlarning Samarqand viloyati kesimidagi statistikasi haqida so`z yuritilgan. Xususan, Agentlik rahbari tomonidan rasman e`lon qilingan ko`rsatkichlar (143 nafar bemor) va Sog`liqni saqlash vazirligi viloyat boshqarmasi tomonidan Agentlikka taqdim etilgan ma`lumotlarda (1155 nafar bemor) farqlar mavjudligi aytib o`tilgan.
Biroq, Agentlik rahbari tomonidan bildirilgan ushbu fikr COVID-19 bilan davolanayotgan bemorlarning muqobil statistikasi deb talqin qilinishiga asos bo`lmaydi. Bundan tashqari, tadbirda ushbu masala yuzasidan yana qo`shimcha o`rganishlar o`tkazilishi lozimligi bildirib o`tilgan.
O`rganishlar natijasida ma`lum bo`lishicha, Samarqand viloyatida bugungi kun holatiga 136 nafar bemor COVID-19, qolgan bemorlar esa ORVI, pnevmoniya va boshqa kasallik belgilari bilan davolanmoqda.
Shu munosabat bilan, taqdim etilgan ma`lumotlar Agentlik tomonidan qo`shimcha o`rganishlar yakunlangandan so`ng rasmiy bayonot sifatida jamoatchilikka etkaziladi,
-deyiladi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabarida.






