Bloger Xushnudbek Xudoyberdiev «Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portali haqida avval bir necha bor tanqidiy fikr bildirgan edi. Ayni paytda u IMEI kodlarni ro`yxatga olishda to`lov undirishni bekor qilish bo`yicha petisiya misolida yana bir bor o`zini oqlamayotgan bu tizim haqida so`z yuritdi:
"Shaxsan men bu portalni ko`zbo`yamachilik uchun ochilgan deb hisoblayman. Buni propiskaga oid petisiyalarimda to`la ishonch hosil qilgandim.
Mayli, bu mening shaxsiy fikrim. Ammo yaxshimi, yomonmi portalning o`zi qonun hujjatlariga amal qilgan holda faoliyat yuritishi kerakku, to`g`rimi?
Masalan, joriy yilning 17 fevral kuni, ya`ni bundan salkam 8 oy muqaddam IMEI kodlarni ro`yxatga olishda to`lov undirishni bekor qilish bo`yicha petisiya 3 soat ichida 10 mingdan ortiq ovoz yig`gan edi. Bugungi kunda ovozlar soni 25 mingga yaqinlashgan.
Ya`ni o`shanda xalq o`z fikrini qonuniy yo`l bilan ma`lum qilgandi. Ko`chaga chiqib janjal qilmadi, kimlarnidir haqorat qilmadi, buzg`unchilikka qo`l urmadi. Shunchaki amaldagi qonunlar orqali demokratik yo`l bilan o`z xohish-irodasini bildirdi.
Ammo oradan shuncha payt o`tgan bo`lsa-da, bu bo`yicha hech qanday qaror qabul qilinmadi. Na ijobiy, na salbiy.
Vaholanki, «Mening fikrim» portalining faoliyati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining va Oliy Majlis Senati Kengashining 2019 yil 2 fevralda qabul qilingan 2310-III/KQ-503–III-sonli Qo`shma qaroriga asosan tashkil etilgan. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 35-bandida shunday deyiladi:
«Zarur miqdorda qo`llab-quvvatlovchi ovoz to`plagan murojaatni ko`rib chiqish va u bo`yicha qaror qabul qilish muddati murojaat vakolatli davlat organiga kelib tushgan paytdan e`tiboran oltmish kundan (❗️) oshmasligi kerak».
Parlament qo`shma palatalarining qarori esa qonunga tenglashtirilgan. Demak, qonunlar buzilyapti. Oradan 233 kun o`tgan bo`lsa ham qaror qabul qilinmadi.
Bu bo`yicha senatorlar ham, deputatlar ham sukut saqlamoqda. O`raga sichqon tushdi, guldur gup. Bu masala bo`yicha jamoatchilik nazorati ishladi, ammo parlament nazorati shu joyda oqsamoqda.
Qani, yana kutaylikchi, balki endi eslariga tushib, jarayonni tezlashtirib yuborishar. Tepadan kimdir topshiriq yoki bayonot bersa-ku,zo`r bo`lardi-ya, darrov hamma harakatga tushib ketardi, esidan chiqqan narsalar yodiga tushardi, xalq manfaati haqida jo`shqin ma`ruzalar yozilardi bir pasda. Lekin qachongacha topshiriq kutamiz, shunisi qiziq",
- mulohaqda qiladi bloger.
Shuningdek, "...har ehtimolga qarshi bir narsani eslatib o`tay, petisiyada to`lovlarni arzon qilish taklif etilmayapti, bekor qilish haqida gap ketyapti. Tag`in ertaga to`lovni ozgina arzon qilib, «mana, biz petisiyani bajardik» deb yosh bolani aldaganday munosabat bo`lmaydi, degan umiddaman", - qo`shimcha qilgan u.






