Bu haqda Transport vazirligining Axborot xizmati ma`lum qildi.
Bugungi kunda Toshkent shahri jamoat transporti avtobus va metropolitenda avtomatlashtirilgan to`lov tizimini to`liq joriy etish bo`yicha ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.
Ma`lum qilinishicha, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 25 noyabrdagi “Umumiy foydalaniladigan transportda yo`lovchi tashishda yo`lkira haqini to`lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to`g`risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Toshkent shahar jamoat transporti avtobus va metropoliten yo`nalishlarida avtomatlashtirilgan to`lov tizimini joriy etish ishlari doirasida 2020 yil 3 yanvardan e`tiboran yagona transport kartalari muomalaga chiqarilgan.
Hozirgi kunda Toshkent metropolitenining barcha liniyalaridagi bekatlar yo`l haqi to`lovlarini yagona transport kartalari va NFC bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyatini beruvchi statsionar validatorlar bilan jihozlandi.
Shu bilan birga poytaxtimizda yo`lovchilarga xizmat qilayotgan “Toshshahartransxizmat” AJga qarashli 1000 dan ortiq avtobuslarning barchasi elektron kartalar orqali to`lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi mobil va statsionar validatorlar bilan to`liq ta`minlandi.
Navbatdagi bosqichda yo`lovchilarning yagona transport kartalari orqali yo`l haqi to`lovlarni amalga oshirish ko`lamini kengaytirish, avtomatlashtirilgan tizimning to`laqonli ishlab ketish jarayonini tezlashtirish, shuningdek, jamoat transportida naqd pul muomalasidan voz kechish maqsadida 2020 yil 1 noyabrdan Toshkent metropolitenida jetonlardan foydalanish to`xtatilishini ma`lum qilamiz.
Eslatib o`tamiz, yagona transport kartalarining hisobini metro kassalari, oylik yo`l chiptalarini sotish shahobchalari, infokiosklar, barcha elektron to`lov tizimlari, shuningdek, ATTO – mobil ilovasi orqali to`ldirish imkoniyati mavjud.






