9 oktyabr kuni soat taxminan 00:30 larda Toshkent viloyati O`rta Chirchiq tumani «O`rtasaroy» MFY hududida joylashgan ot fermasida karantin qoidalari qo`pol ravishda buzilishi va ko`pchilik yig`ilib, tavakkalchilikka asoslangan noqonuniy xo`roz o`yini tashkil etilayotgani aniqlangan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB Axborot xizmati xabar bermoqda.
Shundan so`ng, viloyat ichki ishlar organlarining tungi xizmatga jalb etilgan xodimlari, bosh boshqarma tezkor xizmatlari, PPX hamda tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadi xodimlaridan iborat maxsus guruh tuziladi va voqea joyiga boriladi.
U erda haqiqatdan ham 100 nafardan ortiq fuqarolar ishtirokida tavakkalchilikka asoslangan xo`roz o`yini tashkil etilganligi, voqea joyida karantin qoidalarini qo`pol ravishda buzilganligi, shuningdek, ferma hovlisida xizmat ko`rsatayotgan noqonuniy savdo shoxobchasida iste`mol uchun olib kelingan mahsulotlar mutlaqo sanitariya qoidalarga javob bermasligi aniqlangan.
Shundan so`ng tadbir xodimlari tomonidan o`yinlarda ishtirok etayotgan jami 124 nafar shaxslar qo`lga olingan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. O`yin uchun olib kelingan xo`rozlar daliliy ashyo sifatida olingan.
Bundan tashqari, ushbu shaxslar Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 54-moddasini qo`pol ravishda buzganliklari uchun ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Hozirda holat yuzasidan qo`shimcha surishtiruv olib borilmoqda, deyiladi xabarda.






