Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov jurnalist va blogerlar ishtirokida navbatdagi matbuot anjumanini o`tkazdi. O`zAning xabar berishicha, bu galgi tadbirda nafaqat viloyatdagi, balki poytaxt va yurtimizning boshqa hududlaridagi ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar ishtirok etdi.
E.Turdimov ayni paytda viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha ma`lumot berganidan so`ng, matbuot anjumanida asosan viloyat hokimining o`tgan hafta ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan oqsoch ayollarga talab ortib borayotgani va xotin-qizlarni shu kasbga o`qitish haqidagi fikrlari haqida savollar berildi.
– O`tgan hafta davlatimiz rahbari raisligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida jamiyatda ayollar va yoshlarning rolini oshirish hamda bandligini ta`minlash masalalari muhokama etilganidan xabardorsiz, – dedi E.Turdimov shu haqdagi savollarga javob berib.
– Men ham mehnat bozoridagi vaziyatdan xabardor, odamlarning bugungi hayoti bilan yaxshi tanish viloyat rahbari sifatida o`z takliflarimni bildirdim. Jumladan, oqsochlar, ya`ni uy xizmatchilari faoliyatini tartibga solish, bu mehnat bilan shug`ullanayotgan kishilar huquq va manfaatlarini himoya qilishni ta`minlash uchun ularni o`qitadigan, himoya qiladigan markazlar tashkil etish zarurligini aytdim. Afsuski, buni har kim har xil talqin qildi. Bu o`rinda odamlarning ko`ngliga og`ir botgani “oqsoch” so`zi. Lekin istaymizmi-yo`qmi bu faoliyat bilan shug`ullanuvchilar avval ham bo`lgan, bugun ham bor.
Badiiy asarlarda yoki tarixiy kitoblarda ham bu so`z tez-tez uchraydi. Bugun ko`proq uy xizmatchisi, enaga deb nomlayapmiz, xolos. Ammo, tan olaylik, qadimda bunday kishilarni o`sha xonadon egalari o`z yaqinlaridek qabul qilgan bo`lsa, hozirda past nazar bilan qarash, ularning sha`ni, qadr-qimmatini toptash holatlari o`zimizda ham, xorijda ham qayd etilmoqda. Shuning uchun ushbu masalaga e`tibor qaratib, oqsochlarni tayyorlaydigan, ularning huquqlarini kafolatlagan holda xizmatini taklif etadigan markazlar tashkil etish taklifini ilgari surdik.
Boshqacha aytganda, xizmat ko`rsatishning mazkur yo`nalishiga ham zamonaviy yondashuv lozim. Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda birgina bizning viloyatimizdan 246 ming kishi, jumladan, 72 ming 800 nafar xotin-qizlar xorijda mehnat faoliyati bilan shug`ullanadi. Ularning 75 foizi Rossiyada bo`lsa, 7 mingga yaqin opa-singillarimiz Turkiyada mehnat qiladi. Bu ayollarning aksariyati uy xizmatchisi, enaga vazifasini bajaradi. Buni yashirish kerak emas, tan olib, ularning manfaatini himoya qilishni o`ylashimiz kerak.
Yana bir yomon tomoni, hozirda oilalarga oqsoch, enaga topib berishni daromad manbaiga aylantirib olgan “tadbirkorlar” paydo bo`lgan. Lekin ularning bu xizmatining hech qanday qonuniy asosiy yo`q. Ular kimgadir oqsoch topib bergani uchun haqini olib ketaveradi, keyingi mehnat munosabatlari haqida o`ylab ham ko`rishmaydi. Oqibatda bundan ko`p hollarda ish beruvchi o`sha oila yoki ularga xizmat ko`rsatgan uy xizmatchisi, enaga jabr ko`ryapti. Shuning uchun bu xizmat turi bilan shug`ullanishni istovchi ayollarimizga o`z huquqlarini o`rgatish, uy-ro`zg`or ishlarini yuritish bo`yicha malakasini oshirishni amalga oshiruvchi maxsus markazlar tashkil etish maqsadga muvofiq.
Bu fikr, taklifni aziz ayollarimiz himoyasi uchun bildirdim. Biz bu sohada tartib o`rnatilishini, uy xizmatchilarining qonuniy huquq va manfaatlari himoya qilinishini istaymiz. Millat sha`nini tushirish uchun emas, yuksaltirish uchun shunday taklif aytdik.
Mavzuga doir:
"Fitna san`ati". Yoxud shov-shuv bo`layotgan "Erkinjon Turdimov ishi"dan kimlardir manfaatdormi?






