Bugun AOKA zalida Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi axborot xizmati rahbari Shavkat Xo`jaqulov ishtirokida o`tkazilgan brifingda ta`lim tizimi bilan bog`liq muhim savollarga javob qaytarildi:
❓Pandemiya sharoitida nodavlat bog`chalar va maktablar qanday faoliyat ko`rsatmoqda? Ularda ta`lim qanday ko`rinishda tashkil etilgan?
➖ Respublika maxsus kommissiyasi qarori bilan nodavlat maktablar va maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatiga rusxat berilgan bo`lib, ularning aksariyatida yangi o`quv yili an`anaviy tarzda boshlandi.
Ushbu muassasalardagi vaziyatni o`rganish va mavjud muammolarni aniqlash orqali ularga ko`maklashish maqsadida joriy yilning sentyabr oyida Ta`lim inspeksiyasi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda farzandlari nodavlat maktablarda ta`lim olayotgan o`quvchilarning ota-onalari va ushbu muassasalar direktorlari o`rtasida so`rovnoma o`tkazildi.
Ijtimoiy so`rovnoma orqali «Farzandingiz maktabga qatnayotganidan so`ng unda yoki oila a`zolaringizda shamollash, isitma ko`tarilishi yoki boshqa kasallanish alomatlari paydo bo`ldimi?», «Uyingizda oxirgi o`n kun davomida koronavirus bilan kasallanganlar bormi?» kabi savollarga javob olindi.
O`rganish jarayonida nodavlat ta`lim muassasalari pandemiya sharoitiga tez moslasha olgani, an`anaviy va masofaviy ta`lim birdek tashkil etib kelayotgani ma`lum bo`ldi. Ushbu muassasalarda ta`lim jarayonlari sanitariya-gigiena qoidalariga qat`iy amal qilgan holda tashkil etilmoqda.
Xususan, xususiy maktab va bog`chalarda bolalarning kasallanishining oldini olish uchun har bir guruh alohida ko`chada sayr qilishi, alohida ovqatlanishi va har xil vaqtda binoga kiritilayotgani kuzatildi.
Mazkur muassasalarda ta`lim olayotgan bolada yoki uning oilasidan kimdadir kasallik alomatlari kuzatilsa, u masofaviy ta`limga o`tkazilmoqda. Bundan tashqari ota-onalar o`z xohishiga ko`ra bolasini masofaviy ta`limga o`tkazishlari mumkin. Masofaviy darslar ham zamonaviy AKT yordamida onlayn ko`rinishda tashkil etilib, maxsus elektron platformalar orqali o`quvchilarga uyga vazifalar berilishi, fanlarni qay darajada o`zlashtirayotgani nazorat qilib borilmoqda.
Bugungi kunda pandemiya sharoitida ta`lim berish bo`yicha ushbu muassasalarda mavjud ilg`or tajribalarni davlat maktab va bog`chalariga ham joriy etish rejalashtirilmoqda.






