Kuni kecha Bosh Vazir boshchiligida bo`lib o`tgan selektor yig`ilishi va unda ko`tarilgan masalalar bugun OAV va blogerlar o`rtasida keng muhokama qilinyapti. Unda Bosh vazir Abdulla Aripov Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisi Najmiddin Sharipovni tanqid qilib, «O`zavtomotors»ga nisbatan ko`rilayotgan choralarni populizm, deya baholangani aytiladi.
Ayni paytda Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi mazkur muhokamalar yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqib, ayrim blogerlar tomonidan ko`tarilgan masalalar noto`g`ri talqin qilinayotganini bildirdi.
"Mazkur selektor yig`ilishi Prezidentning “Raqamli O`zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to`g`risida” 2020 yil 5 oktyabrdagi PF–6079-son Farmoni bilan belgilangan loyihalar va chora-tadbirlarni o`z vaqtida va sifatli amalga oshirishni samarali tashkillashtirish masalalariga bag`ishlangan.
Majlis Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi faoliyatiga bag`ishlanmagan va unda qo`mita raisi Najmiddinxo`ja Sharipovning hisoboti yoki «UzAutoMotors» kompaniyasi masalasi bo`yicha maxsus axboroti tinglanmagan.
Yig`ilishning asosiy mavzularidan biri – davlat organlar tomonidan olib borilayotgan axborot siyosati, matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligi, OAV bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlash masalalariga bag`ishlangan.
Yig`ilishda, Bosh vazir tomonidan hozirgi kunda yuqoridagi yo`nalishlarda davlat organlar tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida fikrlar bildirilib, ko`plab ijobiy va tanqidiy misollarga to`xtalib o`tildi.
Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi va «UzAutoMotors» kompaniyasi o`rtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish va imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning o`rganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirildi.
Shuningdek, davlat organlari rahbarlari OAV bilan o`zaro muloqotda, asosli va isbotlangan dalillarga tayanib hamkorlikni yo`lga qo`yish kerakligi, aks holda bu harakatlar populistik ko`rinishga ega bo`lib qolishi ehtimoli borligi nazarda tutilgan", - deyiladi qo`mita xabarida.






