AsosiyJamiyat

Muhokamalarga sabab bo`layotgan Bosh vazir ishtirokida o`tkazilgan yig`ilishda qanday masalar ko`rilgani ma`lum qilindi

'Muhokamalarga sabab bo`layotgan Bosh vazir ishtirokida o`tkazilgan yig`ilishda qanday masalar ko`rilgani ma`lum qilindi'ning rasmi

12 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida videoselektor yig`ilishi o`tkazildi. Bu haqda AOKA xabar berdi. 

Yig`ilishda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta`minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” 2019 yil 27 iyundagi PQ–4366-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi hamda axborot xizmatlari faoliyati atroflicha tahlil qilindi.

Hukumat rahbarining ta`kidlashicha, Prezidentimizning yuqoridagi qarori qabul qilingunga qadar tanqidiy materiallarga davlat idoralari tomonidan javob qaytarish amaliyoti 12 foiz bo`lib, 2019 yil dekabr oyida ushbu ko`rsatkich 83 foizga ko`tarilgan. Biroq, pandemiya oqibatida axborot makonida katta bahs-munozalarga sabab bo`layotgan mavzulardagi chiqishlarga munosabat bildirish darajasi 2020 yil aprel oyida 62, may oyida 67, iyul oyida 70, avgust oyida 64 foizga tushib qoldi. Sentyabr oyida esa bu ko`rsatkich 73 foizni tashkil etdi.

Tadbirda matbuot xizmatlari faoliyatini doimiy o`rganib borish, mavjud kamchiliklarni aniqlash, davlat organlari tomonidan axborot makonidagi turli tahdidlarga o`z vaqtida, malakali javob berish mexanizmini yo`lga qo`yish bo`yicha ayrim tahliliy ma`lumotlar taqdim etildi.

Jumladan, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi  huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rahbariyati tomonidan hozirgi kunga qadar 113 ta davlat organi va tashkiloti axborot xizmatlari faoliyati o`rganilgani, ulardan 12 tasi (11%)ning ish samaradorligi yuqori, 55 tasi (47%) o`rta va 20 tasi (18%)ning ishi qoniqarli deb baholangan bo`lsa, 26 ta (23%) axborot xizmatining natijalari past darajada ekani ma`lum qilindi.

Xususan, Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi, Kadastr agentligi, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlari hokimliklari axborot xizmatlari faoliyati alohida e`tirof etildi. Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Fanlar akademiyasi, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati, Intellektual mulk agentligi kabi bir qator tashkilotlarning axborot xizmatlari ishini faollashtirish lozimligi aytib o`tildi.

Matbuotda, turli ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda e`lon qilinayotgan tahliliy-tanqidiy materiallar doimiy ravishda monitoring qilinib, materiallarga davlat organlari mutasaddilarining tezkorlik bilan munosabat bildirishini ta`minlash maqsadida Agentlik 90 dan ortiq vazirlik, idoralar hamda tegishli hokimliklarning axborot xizmatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi kanallari bilan messenjerlar orqali kommunikasiyani yo`lga qo`ygani qayd etildi.

Bugungi shiddatli axborot almashish sharoitida 30 ta tuman va shahar hokimliklarining “Telegram” messenjeridagi kanallari a`zolari soni 500 taga ham etmasligi aytildi. Xususan, Kogon tumanida 172 ta, Forish tumanida 200 ta, Buvayda tumanida 208 ta, Qo`shtepa tumanida 215 ta, Tomdi va Ulug`nor tumanlarida 265 tadan, Jondor tumanida 295 ta, Xiva tumanida 296 ta a`zo bor xolos. 20 dan ortiq tuman va shahar hokimliklarining esa “Facebook” ijtimoiy tarmog`ida sahifasi ochilmagan. Bu esa davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy manbalari orqali tezkor va asosli munosabat bildirib borish imkonini cheklaydi.

Yig`ilishda davlat organlari va tashkilotlari, hokimliklarning mamlakat hayotida kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, amalga oshirilayotgan islohotlar haqidagi materiallarni o`z axborot kanallari orqali eng uzoq va chekka hududlargacha etkazib berish imkoniyatlari tahlil qilindi.

Matbuot xizmatlarining axborot makonidagi ishtirokini kengaytirish, shuningdek, fuqarolarni qiziqtirgan savollarga oydinlik kirituvchi tegishli ma`lumotlarni tashkilot veb-saytida doimiy yoritib borish, muammo va kamchiliklar yuzasidan onlayn-muloqotlar o`tkazish yaxshi samara berayotgani ta`kidlab o`tildi.

Shu bilan birga, yig`ilishda axborot xizmatlari uchun shtat birliklarini qayta ko`rib, kengaytirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasida topshiriqlar berildi. Davlat organlari rahbarlari hamda matbuot kotiblari uchun OAV bilan o`zaro hamkorlik qilish madaniyatini oshirish hamda ziddiyatli vaziyatlarga tayyorgarlik, ochiqlikni ta`minlash, ijtimoiy tarmoqlar bilan tizimli ishlash, tashkilotning PR-strategiyasini ishlab chiqish va axborot makonida ijobiy imijni yaratish kabi yo`nalishlarda maxsus o`quv-kurslarini tashkil etishga kelishib olindi.

Yig`ilish yakunida axborot xizmatlari faoliyatiga e`tiborsizlikning salbiy oqibatlari va aholini etarlicha axborot bilan ta`minlash masalasi yuzasidan tahliliy-tanqidiy ma`lumotlar atroflicha muhokama etildi. 

    Boshqa yangiliklar