Joriy yilning 13 oktyabr kuni soat 04:30 larda, Surxondaryo viloyati, Boysun tumani, To`da MFY hududidan o`tuvchi 4R-105 avtomobil yo`lining 19-kilometrida haydovchi, 1987 yilda tug`ilgan S.O. “Lasetti” rusumli avtomobil tezligini me`yoridan oshirgan holda boshqarayotib, o`zidan oldinda bo`lgan transport vositasini quvib o`tish maqsadida qarama-qarshi yo`nalishga chiqib harakatlangan vaqtida qarshisidan kelayotgan haydovchi, 1994 yilda tug`ilgan J.X. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtomobil bilan to`qnashgan.

IIV YHXBB Axborot xizmati xabariga ko`ra, YTH natijasida, “Lasetti” rusumli avtomobil haydovchisi 33 yoshli S.O. va “Kobalt” rusumli avtomobil yo`lovchisi 30 yoshli A.I. og`ir tan jarohatlari olib voqea joyida vafot etishgan. Shuningdek, “Kobalt” rusumli avtomobil yo`lovchisi 31 yoshli N.N. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur YTH yuzasidan Boysun tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o`limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Barcha haydovchilardan ehtiyotkor bo`lishlarini, tezlik me`yori va quvib o`tish talablariga amal qilishlarini, o`zi va o`zgalar salomatligini xavf ostiga qo`ymasliklarini so`rab qolamiz.






