Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo`limi ma`lum qilishicha, xodimlar ko`magida ishdan nohaq bo`shatilgan akusher-ginekologning o`z lavozimiga qayta tiklanishi ta`minlandi.
Ma`lum bo`lishicha, byuroning ish yurituviga fuqarolik ishlari bo`yicha Andijon tumanlararo sudining Andijon shahar tibbiyot birlashmasi 2-tug`uruq kompleksidagi avvalgi 1.0 stavka vrach akusher-ginekolog vazifasiga qayta tiklanishi bo`yicha ijro varaqasi kelib tushgan.
Amaldagi mehnat qonunchiligiga asosan, mehnat shartnomasi g`ayriqonuniy ravishda bekor qilingan yoki xodim g`ayriqonuniy ravishda boshqa ishga o`tkazilgan hollarda, u ish beruvchining o`zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishga tiklanishi lozimligi belgilab qo`yilgan.
Mazkur talab asosida shahar tibbiyot birlashmasi 2-tug`uruq kompleksiga Byuro xodimlari tomonidan tegishli tartibda talabnoma yuborilib, ijro harakatlari olib borilgan.
Natijada, Andijon shahar 2-tug`uruq kompleksi bosh shifokornining “M.I. bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish to`g`risida”gi buyrug`i bekor qilinib, M.I. o`z vazifasiga qayta ishga tiklandi.






