Sal avval ijtimoiy tarmoqlarda erkak kishining qo`lga olinishi videosi tarqaldi va holat bilan bog`liq fakt bo`yicha Toshkent shahar IIBB rasman izoh bergan edi.
Unga ko`ra, Mirobod tumani IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan prokuratura organlarining qaroriga ko`ra mas`uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari bo`lmish Sayidali M. qo`lga olingan. Tergov oldi tekshiruvlari davomida MChJ rahbariyati majburiy soliq to`lovlaridan bo`yin tovlagani aniqlangan. Shunga ko`ra, tezkor xodimlar o`zlarini tanishtirib va xizmat guvohnomalarini ko`rsatib, Sayidali M.ga tuman prokuraturasiga unga nisbatan kelib tushgan ariza bo`yicha holatni aniqlash uchun borishi kerakligini aytishgan. Ammo Sayidali qochishga urinib, faol qarshilik ko`rsatgan. Shuning uchun xodimlar qonunchilikka muvofiq Sayidalining qo`llariga kishan solib prokuraturaga olib borishga majbur bo`lishgan.
"Xabar.uz" nashrining yozishicha, «CORPORATE LAWYER» advokatlik byurosi advokati Azamat Egamberdiev (u videodagi «aybdor»ning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qiladi) mazkur holat yuzasidan e`tirozlarini bildirgan.
Unga ko`ra, video yuzasidan berilgan izoh aniq faktlarga asoslanmagan va haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Jumladan: «2 oktyabr kuni Mirobod tumani IIO FMB tezkor xodimlari tomonidan prokuratura organlarining qaroriga ko`ra mas`uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari bo`lmish Sayidali M.ning turar joyi aniqlangan. Ilgariroq, tergov oldi tekshiruvlari davomida prokuratura xodimlari tomonidan mazkur MChJ rahbariyati majburiy soliq to`lovlaridan bo`yin tovlagani aniqlangan», – deyiladi Toshkent shahar IIBB matbuot markazining rasmiy xabarida. Biroq, joriy yilning 2 oktyabr kuni MChJga nisbatan to`plangan materiallar bilan tanishganimizda, departament organlari tomonidan M.Sayidalini majburiy keltirish to`g`risida qaror, unga yuborilgan chaqiruv qog`ozlari, telegramma yoki biror bir telefonogramma mavjud emasligi aniqlandi. Shunday ekan, uni ko`chada hech qanday izohsiz, qo`liga kishan taqqqan holda mashinaga «bosib» ketish o`zboshimchalikdan boshqa narsa emas, deydi advokat.
Bundan tashqari, M.Sayidali MChJda 2019 yil fevral oyiga qadar direktor lavozimida ishlagan bo`lib, ayni paytda umuman boshqa ma`suliyati cheklangan jamiyatiga rahbarlik qilib kelmoqda. M. Saydali ishdan ketgandan keyin o`sha MChJda majburiy soliq to`lovlaridan bo`yin tovlaganligi aniqlangan bo`lsa, bunga uning nima daxli bor? Demak,Toshkent shahar IIBB matbuot markazi tomonidan berilgan rasmiy xabarning ushbu qismi haqiqatdan umuman yiroq.
Shuningdek, rasmiy xabarda: «Bundan tashqari, Sayidali M.ga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi organlarda boshqa bir MChJ rahbari A.G.dan kelib tushgan ariza mavjud. Mazkur arizada dori vositalarining oldi-sotdisi kelishuvi bo`yicha qolgan mablag` to`lanmaganligi ma`lum qilingan» – deyilmoqda. M.Sayidali 2019 yil fevral oyidan buyon «tipografiya» va qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish va mahsulot ishlab chiqaruvchilarga etkazib berish faoliyati bilan shug`ullanib keladi. Agar unga nisbatan rostdan ham ariza kelib tushgan bo`lsa, nega uni chaqiruv qog`ozi yoki telefon orqali ham chaqirilmay kuppa-kunduzi, xuddi jinoyatchini ushlaganday qo`liga kishan urilishi kerak? Vaholanki, unga nisbatan ariza tushganligining o`zi shubhali.
Rasmiy izohdagi go`yoki «...tezkor xodimlar o`zlarini tanishtirib va xizmat guvohnomalarini ko`rsatib, Sayidali M.ga tuman prokuraturasiga unga nisbatan kelib tushgan ariza bo`yicha holatni aniqlash uchun borish kerakligini aytishgani», biroq «... M. Sayidali qochishga urinib, faol qarshilik ko`rsatgani», shuning uchun xodimlar qonunchilikka muvofiq uning qo`llariga kishan solib prokuraturaga olib borishga majbur bo`lishganiga oid gaplar ham yolg`on va haqiqatga to`g`ri kelmaydi. Videotasvirda tasvirga oluvchi shaxs «nima uchun?» degan savolni kamida 6-7 marotaba takrorlagan bo`lib, tezkor xodimlar «borganda bilasiz» degan javobdan narigi o`tmaganini yaqqol ko`rinadi. Yaqqol ko`rinib turgan holatni inkor etish - tezkor xodimlarning aybini ochidan ochiq yashirishdan boshqa narsa emas. Qolaversa, o`sha paytda M. Saydalining yonida bo`lgan guvohlar tezkor xodimlar «o`zlarini tanishtirib, guvohnomalarini ko`rsatib» emas, balki orqadan kelib, «tappa bosishganini» tasdiqlashi mumkin.
Advokatning alohida ta`kid etishicha, qo`liga kishan urilgancha majburan Mirobod tumani prokuraturasiga olib kelingan M.Sayidali u erda taxminan 40 daqiqa o`sha holatda ushlab turilgan. Qachonki uni tuman prokurori o`rinbosari qabuliga olib kirishganidan keyingina holatga aniqlik kiritilgan va qo`llaridan kishanlar echilgan...
Poytaxt IIBB izohida esa asl holat xaspo`shtlanib, hammasi go`yoki qonun dorasida bo`lgani aytiladi. Asl holat esa buning aksini ko`rsatmoqda.
Voqea yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma`lum qilishicha, hozirgi kunda holat yuzasidan Mirobod tumani departamenti va Mirobod tumani IIB tezkor xodimlarining hatti-harakatlari yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari boshlab yuborilgan. Natijasi bo`yicha qo`shimcha ma`lumot beriladi.






