So`nggi vaqtlarda ko`pchilikni tashvishlantirayotgan, yo`l-transport hodisalarini keltirib chiqarayotgan, umuman harakatlanish xavfsizligiga jiddiy raxna solayotgan bir muammo ham bor edi.
Bu erda gap yo`lda harakatlanayotgan piyodalarning uyali telefondan, planshetlardan foydalanishlari, yo`lda harakatlanayotgan vaqtda quloqlariga turli moslamalarni taqib olib gaplashishlari, musiqa eshitish va xatto kino ko`rishlari haqida ketmoqda. Bu salbiy holat,ayniqsa, maktab va kollej o`quvchilari, oliy o`quv yurtlari talabalari orasida urf bo`lib qolgandi. Kundalik ma`lumotlarimiz orasida aynan shu holat sababli transport g`ildiraklari ostiga tushib halok bo`lganlar to`g`risidagi ma`lumotlar ham bor.
Shu kabi holatlarni inobatga olgan holda tasdiqlangan yo`l harakati qoidalarining 19-bandida piyodalarga yo`lda yurganda, piyodalar uchun ajratilgan joylardan o`tayotganda hayolni chalg`ituvchi narsalardan, jumladan telefon, planshetlardan foydalanish, videoko`rish, gazeta, jurnal va kitob o`qish man etildi.
2016 yilning 1 martdan kuchga kiradigan yangi tahrirdagi "Yo`l harakati qoidalari" to`g`risida O`zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi boshlig`i Xolmatjon Saydaliev Darakchi.uz'ga ma`lumot berdi.





