AsosiyJamiyat

O`zbekistonda taniqli adib Evril Turon vafot etdi

'O`zbekistonda taniqli adib Evril Turon vafot etdi'ning rasmi

O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a`zosi, yozuvchi Evril Turon – Mamadali Mahmudov vafot etdi.

Mamadali Mahmudov 1940 yilning 12 dekabrida Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Bog`don qishlog`ida tug`ilgan. Otasi Mahmud Ahmad o`g`li Tog` begisi (Tog`dagi o`rmon va hayvonlarga qarovchi) 1943 yilda urushga ketib, bedarak ketgan. Onasi Saodat opa bitta farzand bilan qolgan. Yozuvchining hikoya qilishicha, sho`rolarga qarshi qurolli kurashda ishtirok etgan bobosi Ahmad Bek 1936 yilda osib o`ldirilgan.

1966 yilda Toshkent Davlat Universiteti filologiya fakultetining jurnalistika bo`limiga o`qishga kirgan. So`nggi kurslarni sirtdan o`qib, «Saodat» jurnalida ishlagan.

1974 yilda birinchi kitobi — „Tog` ohusi“ ocherklar to`plami nashr qilingan.

1975 yilda chop etilgan "Bog`don qashqiri" qissasida yozuvchi birinchi marta bosmachilik harakati ishtirokchilarini milliy-ozodlik kurashchilari sifatida tasvirlagan. Adib o`zining 1981 yilda "Sharq Yulduzi" jurnalida chop etilgan „O`lmas qoyalar“ romanida ayni mavzuni davom ettirib, O`rta Osiyoga rus bosqinini qoralaydi. Moskvadagi muhokamalar ortidan taqiqlangan roman Turkiya va G`arbiy Olmoniya jurnallarida chop etiladi.

Yozuvchilar uyushmasidagi maslahatchilik lavozimidan ishdan olinib, DXQ (KGB) tomonidan so`roq qilingan Mamadali Mahmudovning o`zi aytishicha, o`sha paytdagi O`zbekiston rahbari Sharof Rashidov qamoqdan asrab qolgan.

Asar to`laligicha faqat mustaqillikdan so`ng, 1991 yilda kitob holida dunyo yuzini ko`rgan va Cho`lpon mukofotiga sazovor bo`lgan.

Mamadali Mahmudov ijod bilan birga jamoatchilik ishlari bilan ham faol shug`ullangan. U O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi, Madaniyat Jamg`armasi raisi lavozimlarida ishlagan.

 

    Boshqa yangiliklar