AsosiyJamiyat

Toshkent shahar hokimining qarorini haqiqiy deb turgan sud Bosh prokuraturaning aralashuvi bilan fuqarolarni haq deb qaror chiqarishga majbur bo`ldi

'Toshkent shahar hokimining qarorini haqiqiy deb turgan sud Bosh prokuraturaning aralashuvi bilan fuqarolarni haq deb qaror chiqarishga majbur bo`ldi'ning rasmi

Toshkent shahar hokimining 16.04.2018 yilgi “Building and Supplies” MChJga er uchastkasini ajratib berish haqida”gi 608-sonli qarori bilan Yakkasaroy tumani, “Yunus Rajabiy” MFYning 72, 66/4, 66/2 va 66/1-uylari oralig`ida ko`p qavatli turar-joy qurish uchun 0,50 ga er maydoni ajratib berilgan.

Fuqaro O.Pyanovskaya va boshqalar Toshkent shahar hokimining 16.04.2018 yilgi “Building and Supplies” MChJga er uchastkasini ajratib berish haqida”gi 608-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish haqida sudga ariza bilan murojaat qilgan.

Chilonzor tuman ma`muriy sudining 11.12.2019 yilgi hal qiluv qarori bilan arizachilarning Toshkent shahar hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan.

Toshkent shahar ma`muriy sudi apellyasiya instansiyasining   27.01.2020 yildagi qarori bilan Chilonzor tuman ma`muriy sudining yuqoridagi hal qiluv qarori o`zgarishsiz qoldirilgan.

Quyidagilarga ko`ra, birinchi va apellyasiya instansiya sudi qarorlari qonunga zid:

BIRINChIDAN O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 03.07.2018 yilga qadar amalda bo`lgan “Toshkent shahrida shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq Toshkent shahrida er uchastkalari berish amaliyotini o`rganish bo`yicha komissiya tomonidan qarorlar qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash to`g`risida”gi 31.12.2008 yilgi 
292-sonli qarorining 10-bandiga ko`ra, Toshkent shahar hokimiyati tomonidan                             er uchastkalarni ajratish bo`yicha Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan komissiyasining qarori qabul qilishi uchun bir qator hujjatlar, ya`ni er uchastkasining o`rnatilgan tartibda Toshkent shahar bosh arxitektori, er resurslari va davlat kadastri, yong`in xavfsizligi, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati, ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish va yo`l harakati xavfsizligi boshqarmalari bilan kelishilgan tavsifnomasi, “ToshkentboshplanLITI” DUKning  tanlangan er uchastkasi bo`yicha xulosasini taqdim qilishini hamda 14-bandiga ko`ra komissiyaning er uchastkalarini ajratish haqidagi ijobiy qaroriga asosan Toshkent shahar hokimi bir hafta muddatda qonunchilikda o`rnatilgan tartibda qaror qabul qilishi, komissiyaning qarorisiz Toshkent shahar hokimiyatiga er uchastkalarni ajratish taqiqlanishi belgilangan.

Sud tomonidan ushbu normativ-huquqiy hujjatda belgilangan talablar e`tiborga olinmagan.

IKKINChIDAN, “Building and Supplies” MChJning 09.02.2018 yilgi 1/74-sonli murojaati va shahar hokimining 10.02.2018 yildagi 2182/03-sonli ko`rsatmasiga asosan, jamiyatga Yakkasaroy tumani, Yunus Rajabiy mahallasi 72, 55/4, 66/2, 66/1-uylar oralig`ida ko`p qavatli turar-joy binolarini qurish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tashkilotlarga kelishish uchun yuborilgan.

“ToshkentboshplanLITI” DUK tomonidan rad javobi berilgan bo`lsa, er tuzish va ko`chmas mulk kadastri xizmatining xulosasi olinmagan.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.07.2018 yilga qadar amalda bo`lgan 25.02.2013 yildagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun aholi punktlarida er uchastkalari berish, qurilish ob`ektlarini loyihalashtirish va ro`yxatdan o`tkazish, shuningdek, ob`ektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 14-bandiga asosan, er uchastkasini joylashtirish planida, tuman (shahar) hokimi, tuman (shahar) er resurslari va davlat kadastri bo`limi, tegishli ravishda Qoraqalpog`iston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish qo`mitasiga, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga, tuman (shahar) sanitariya-epidemiologiya xizmati, davlat yong`in nazorati hududiy organi, madaniy meros yodgorliklarini qo`riqlash zonasida ob`ekt qurish uchun er uchastkasi tanlashda-madaniy meros ob`ektlarini qo`riqlash va ulardan foydalanish hududiy inspeksiyasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan kelishilishi ko`rsatilgan bo`lsada, vakolatli organlar bilan kelishilmagan va to`plangan hujjatlar Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrida er uchastkalari berish amaliyotini o`rganish bo`yicha komissiyasiga yuborilmagan.

Sudlar tomonidan ushbu holatlar e`tiborga olinmagan.

UChINChIDAN, O`zbekiston Respublikasi Shaharsozlik norma va qoidalari ShNK 2.07.01-03* Shaharsozlik, shahar va qishloq aholi punktlari hududlarini rivojlantirish va qurilishni rejalashtirish, 21.1-bandi talabida ko`p xonadonli turar-joy uylarining uzun tomonlari o`rtasidagi masofalar quyidagicha qabul qilinishi lozimligi, balandligi 4-5 qavatli bo`lgan turar joy uylari uchun 25-30 metrdan kam bo`lmagan, yashash xonalarida derazalari bo`lgan ushbu binolarning uzun tomonlari va yon tomonlari uchun 10 m.dan kam bo`lmagan oraliq masofalar belgilab qo`yilganligiga izoh sifatida mavjud mavzelarning  ko`p xonadonli binolari oralig`ida, maxsus bino va inshootlardan  (sport maydonlari, bolalar o`yin maydonchalari, kiyim-kechak quritish maydonchalari, avtomobillarning vaqtinchalik to`xtash joylari) tashqari, har qanday boshqa maqsadli ob`ektlarni joylashtirishga yo`l qo`yilmasligi belgilangan.

Biroq, ushbu ShNK qoidalariga rioya qilinmagan holda “Building and Supplies” MChJga ko`p qavatli turar-joy qurish uchun 0,50 ga er maydoni ajratib berilganligi holati sudning e`tiboridan chetda qolgan.

Sud qarorlariga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan nazorat tartibida keltirilgan protest Oliy sud Ma`muriy ishlar bo`yicha sudlov hay`ati tomonidan ko`rib chiqilib, 21.05.2020 yilda quyi instansiya sudi qarorlari bekor qilinib, fuqaro O.Pyanovskaya va boshqalarning arizasini qanoatlantirish haqida yangi qaror qabul kilindi.

Bosh prokuraturaning protesti asosida fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklandi.

    Boshqa yangiliklar