Avval xabar berilganidek, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan imzolangan qarorga asosan mamlakatimizda 2016 yilning 1 martdan boshlab bir qator o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilgan yangi tahrirdagi "Yo`l harakati qoidalari" amalga kiritiladi.
Bu haqda Darakchi.uz'ga O`zbekiston Respublikasi IIV YHX Bosh boshqarmasi boshlig`i Xolmatjon Saydaliev ma`lumot berdi.
Sohaga axborot kommunikasion texnologiyalarni joriy etishga alohida e`tibor bilan qarab kelinayapti. Ko`pchilikka ma`lumki, keyingi 5 yillikda DYHXX yo`l patrul xizmati faoliyatida yo`l harakati doirasidagi huquqbuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash amaliyoti keng qo`llanilmoqda. Shu sababli "foto va videofiksasiya" iborasi yo`l harakati qoidasida o`z aksini topib, ma`muriy hujjatlarda ham qayd etilmoqda.
Bundan tashqari haydovchilarni ogohlantirish uchun «Foto va videofiksasiya» axborot-ishora belgisi ham joriy etildi. Bu kiritilgan yangilikning dolzarbligi Toshkent shahrida yo`l harakati xavfsizligini kompyuterlashtirilgan boshqaruv tizimini ishga tushishi bilan ham chambarchas bog`liq.
Hozir bu yangilik on-layn tizimida faoliyat yuritayapti. Biz harakat ishtirokchilarini jazolash yo`li bilan emas, balki ularni ogohlantirish, qoidalarga amal qilishga chaqirish yo`li bilan qoidabuzarliklarga qarshi kurashamiz.
Avvalroq ushbu yangi tahrirdagi qoidalarga asosan turar joy dahalarida transport harakatini tartibga solib, ko`p qavatli uylar orasida aholi xavfsizligini ta`minlash uchun yuqori tezlikni soatiga 30 kilometr qilib belgilab qo`yilgani, hamda har bir transport vositasida nur qaytaruvchi maxsus nimchalar ham bo`lishi shartligi haqida xabar berilgandi.





