O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi zalida Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ishtirokida brifing o`tkazildi.
Brifingda xalq ta`limi tizimiga doir bir qator savollarga javob berildi.
– Maktablarda darsliklarni ijaraga berishda aholining ijtimoiy zaif qatlamlarida imkoniyat yo`qligi inobatga olinadimi?
– Albatta, inobatga olinadi. Ijtimoiy yordamga muhtoj bo`lgan oilalardagi o`quvchilar umumta`lim maktabi kutubxona jamg`armasi tomonidan darsliklar to`plami bilan bepul ta`minlanadi. Bu “Umumta`lim maktablarini darsliklar va o`quv-metodik qo`llanmalar bilan ta`minlash tartibi to`g`risida”gi nizomda belgilab qo`yilgan.
– Nima sababdan maktab darsliklari o`quvchilarga ijara asosida beriladi?
– Buning sababi ota-ona darslikni ko`chadan xarid qiladigan bo`lsa bu unga juda ham qimmatga tushadi, birgina ta`lim tili rus tilida bo`lgan 4-sinf to`plam darsliklarning bahosi ochiq savdoda 299 630 so`mni tashkil qilsa, kutubxonada ushbu to`plam darslikning bahosi 24 200 so`m bo`lib, 12 barobarga arzon sanaladi. Shuni qayd etish lozimki, darslik ijarasi kutubxona jamg`armalaridan ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi.
– Bizning maktabda sinf xonalarni yig`ishtirish uchun ota-onalardan pul yig`iladi. Maktablar farroshlari zimmasiga sinf xonalarni yig`ishtirish kirmaydimi?
– Sinfxonalarni o`quvchilar navbatchilik asosida tozalashi tavsiya etiladi. Joylarda esa ba`zi ota-onalar farzandlari sinfxonani yig`ishtirishini xohlamagani uchun farrosh yollab unga sinfxonani yig`ishtirishi uchun qo`shimcha mablag` to`lash hollari kuzatiladi. Yana shuni aytish joizki, bolalarning o`zlarining orqasidan sinfini yig`ishtirishi uchun navbatchilik tashkil qilishi ham bolada o`ziga xos tarbiyani shakllantiradi. Bu esa bolaga o`zi o`tirgan joyni toza va ozoda saqlash, birovning mehnatini qadrlashni o`rgatadi. Shu sababli bolalar darslardan keyin sinfxonani yig`ishtirish uchun navbatchilik tashkil etishi maqsadga muvofiq sanaladi.
Shu o`rinda maktablarda farroshlar uchun ajratilgan shtat birligi Binolarning foydalaniladigan ichki qismi, shu jumladan xizmat xonalari, yo`laklar, zinapoyalar, faollar zali va sport zal hamda o`quv sinflari maydonini tozalovchi farrosh lavozimi har 350 kvadrat metr tozalash maydoni uchun 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda kiritiladi.
Maktabda mashg`ulotlar ikkinchi smenada ham olib borilganda, ushbu smenadagi o`quvchilar foydalanadigan har 350 kv.m. tozalanadigan maydon uchun qo`shimcha 0,25 birlik, uzaytirilgan kun guruhi mavjud bo`lganda esa, guruhga qatnovchilar foydalanadigan har 350 kv.m. tozalanadigan maydonga 0,5 birlik hisobidan kelib chiqqan holda farrosh lavozimi kiritiladi.