Avval xabar qilinganidek, «Mamlakatimizda o`zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi Prezident Farmoni e`lon qilindi. Farmonga binoan:
- Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosiga to`liq o`tishni ta`minlash maqsadida ishchi guruhi tashkil qiladi va aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yo`l xaritasi” ishlab chiqib, Prezident Administrasiyasiga kiritadi;
- 2021 yil 1 apreldan boshlab o`zbek tili va adabiyoti bo`yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda mas`ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish bo`yicha daraja sertifikatlari joriy etiladi;
- Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o`qitish va malaka oshirish markazida o`zbek adabiy tili me`yorlari va davlat tilida ish yuritish bo`yicha qisqa muddatli (1–2 oygacha) o`quv kurslari muntazam ravishda tashkil etiladi;
- o`zbek tilidagi mavjud lug`atlar asosida uzluksiz ta`limning barcha turlari uchun quyidagi o`quv lug`atlarini yaratish choralari ko`riladi, shu jumladan:
➖ ko`p jildli “O`zbek tilining izohli lug`ati”ning to`ldirilgan yangi nashri (kirill va lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosida);
➖ “O`zbek tilining imlo lug`ati”;
➖ “O`zbek tili sinonimlari lug`ati”;
➖ “O`zbek tili sinonimlarining katta izohli lug`ati”;
➖ “O`zbek tili frazeologizmlarining katta izohli lug`ati”;
➖ “O`zbek tili omonimlari lug`ati”.
- Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbek tilini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobidan o`zbek tilidan jahonning etakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan o`zbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturi yaratiladi;
- 2021 yil 1 yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga e`tibor”, “Ona tilida so`zlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat ko`zgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum ko`rsatuv va eshittirishlar tashkil qilinadi.






