Bugungi kunda taqdir taqozosi bilan ko`plab yurtdoshlarimiz dunyoning turli mamlakatlarida ishlamoqda, o`qib, yashamoqda. Odatda inson vatanidan qancha uzoqlashsa, uni shuncha ko`proq qo`msaydi. Qaysi shaharda bo`lmasin, zarurat yuzasidan qaysi tilda gapirmasin, u baribir o`z ona tilida fikrlaydi.
Kishini vatani bilan bog`lab turadigan eng muhim vosita bu uning tili hisoblanadi. Inson qaysi millat tilida fikrlasa, o`sha millatga mansub bo`ladi, deyishadi. Darhaqiqat, agar kimki o`z ona tilini unutsa, uning uchun boshqa qadriyatlarni unutish tezroq va osonroq kechadi.
Statistik ma`lumotlarga qaraganda, dunyoda 400 dan ortiq til yo`qolish arafasida turibdi. Turli sabablarga ko`ra, har ikki haftada bitta til muloqotdan chiqib ketar ekan. Demak, ko`plab millatlar o`zlarining tarixiy ona tillarida muloqot qilish baxtidan turli sabablarga ko`ra, mahrum bo`lib qolgan.
Shukrki, o`zbek tili o`tmishda ham va bugungi kunda ham dunyo xalqlarining eng boy tillari sifatida qaralmoqda. Til inson bilan tirik, u shunchaki yo`qolib yoki rivojlanib qolmaydi. U tilda insonlar muloqot qilsa, fikrlasa, asarlar yozsa, ilmiy kashfiyotlar qilsa, chiroyli ohanglar yangrasagina u rivojlanadi, yashaydi va avlodlarga meros qoladi.
Ma`lumotlarga ko`ra, bugungi kunda o`zbek tilida ona tili sifatida butun dunyo bo`ylab 33 million atrofida insonlar muloqot qiladi. Nafaqat O`zbekistonda, qo`shni mamlakatlarda muqim yashayotgan tub aholi vakillari va dunyoning turli mintaqalarida o`qish yoki ish bilan band bo`lgan yurtdoshlarimiz sabab, o`zbek tili jarangini butun dunyoda eshitish mumkin.
O`zbek tilini rivojlantirish, uni yanada boyitish uchun har bir fuqaro, u xoh mamlakat ichida, xoh tashqarisida bo`lsin mas`uliyatni his qilishi kerak.
Uzoq yillar xorijda bo`lgan inson o`zi yashab kelayotgan mamlakatning muhitiga, ya`ni tiliga, urf-odatlariga moslasha boshlaydi. Uning farzandlari esa o`sha davlatdagi maktablarga boradi va tabiiyki, mahalliy tilda ta`lim oladi. Bu holatda yangi avlod o`z vatani, millati va tilidan uzoqlasha boshlaydi. Shuning uchun xorijda yurgan yurtdoshlarimiz o`z farzandlarini o`zbek millatiga daxldor ruhida va vatanparvar bo`lib voyaga etishini istasa, albatta o`zbek tilini o`rgatishi, ushbu tilda muloqot qilish zarur.
O`zbekiston xalqini birlashtiradigan va O`zbekistonni davlat sifatida dunyoga yanada ko`proq tanitadigan bu – bu o`zbek tilidir.
Bir mamlakatning o`rtamiyona yoki qaram bo`lib qolishi uchun uning tilini zaiflashtirish kifoya. Chunki, tilini unutgan inson, boshqa narsalarni ham tezda unutadi.
Xulosa shuki, o`zbek tilini har birimiz faqat ba`zi sanalarda emas, har kuni sevishimiz, uni himoya qilishimiz va rivojlantirishga hissamizni qo`shishimiz lozim.
Chet tillarini esa istagancha o`rganish mumkin. Shunda Vatanni va dunyoni boshqacharoq anglay boshlaysiz!
Ortiqxo`ja Norov,
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi matbuot kotibi