Parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida Senat Raisi o`z nutqida mamlakatimizda ijtimoiy sohalar, yoshlar va xotin-qizlarning bandligi ta`minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish masalalari doimo diqqat markazida bo`lishi kerakligi, kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida o`tkazilgan videoselektor yig`ilishida 2021 yilga mo`ljallangan davlat byudjeti parametrlari muhokama qilinganiga to`xtaldi.
– Kelgusi yilga maqsadlar, rejalar katta, – dedi Senat Raisi T.Narbaeva. – E`tiborli jihati, Prezidentimiz byudjetni shakllantirishda mahalliy Kengashlar vakolatini yanada kengaytirish zarurligini ta`kidladi. Qolaversa, byudjet xarajatlarining ochiqligi va shaffofligini ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratdi. Endilikda xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida e`lon qilinadi. Davlat idoralarining ushbu talabga rioya etishlarini nazorat qilish esa, parlament palatalari va mahalliy Kengashlar tomonidan amalga oshirilishi ta`kidlandi.
Hududlar palatasi sifatida yuqoridagi vazifalar, ularning qay darajada amalga oshirilishi biz uchun juda muhim. Odamlar ertaga savol beradi: byudjet mablag`lari nimalarga sarflandi, xarajatlar qanchalik samarali va to`g`ri bo`ldi, nima uchun u yoki bu sohada mablag` etishmaydi?
Deyarli har kuni byudjet mablag`larining noo`rin sarflanishi bilan bog`liq holatlar ko`tarilmoqda. Afsuski, soliq to`lovchilarning bunday savollariga har doim ham asosli javob berilmayapti yoki xolis munosabat bildirilmayapti.
Biz Hisob palatasi bilan birgalikda byudjet mablag`laridan samarali foydalanish borasidagi ishlar holatini yaqinda Toshkent viloyati misolida kompleks o`rgandik. Juda ko`plab tizimli muammolar aniqlandi. Mutasaddilarda byudjetga qo`shimcha manbalar aniqlash borasida tashabbuskorlik, izlanish yo`q. Ayrim hollarda ularning moliyaviy savodxonligi etishmasligi ham ko`rinib qoldi. Muhim ko`rsatkichlarni qo`shib yozish illatiga to`liq barham berilmagan. Shu bois, hozirdanoq mazkur yo`nalishdagi ishlarimizni tanqidiy ko`rib chiqishimiz, byudjet nazoratini yanada kuchaytirishimiz kerak.
Senatning tegishli qo`mitasi hamda boshqarmasi bunday o`rganishlar va tahlillar ko`lamini yanada kengaytirishi, tizimli muammolar echimi yuzasidan asosli takliflar ishlab chiqishi lozim.
Zero, byudjet mablag`larining to`g`ri sarflanishiga oid savollar faqatgina ijtimoiy tarmoqlarda emas, balki birinchi navbatda parlament minbaridan turib, xalq vakillari tomonidan berilishi kerak.