Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “Namangan viloyati Uchqo`rg`on tumanidagi Ichki ishlar xodimlari haydovchiga INNOVASION usulda maska taqtirishmoqchi bo`lishibdi, usul juda ajoyib” izohi bilan videotasvir tarqaldi.
Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati IIB rasmiy munosabat bildirdi.
Ma`lum qilinishicha, 7 oktyabr kuni soat 15-35larda Uchqo`rg`on tuman “Istiqlol” MFY “Qayqi” ko`chasida profilaktika inspektorlari A.O`rinov va S.Dexqanovlar hududni nazorat qilib yurganida, 3 nafar fuqaro tibbiy niqobsiz gaplashib turganini ko`rib qolishgan. Xodimlar ularga nisbatan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtiryotganda fuqarolardan biri qochib, “Neksiya-2” avtomashinasida ketib qolishga uringan.
Shunda profilaktika inspektori A.O`rinov “Neksiya-2” yoniga borib, fuqaroni mashinadan tushishini so`ragan. Biroq, fuqaro inspektorning qonuniy talabiga bo`ysunmagan. Inspektorlar tomonidan uning ism-sharifi so`ralganda avtomashinadagi fuqaro “Nima sababdan shaxsimni aytishim kerak, men o`zimni avtomashinamda o`tiribman” deya ogohlantirish va tushuntirishlarga bo`ysunmay, “Sen xohlasam men bilan birga yotasan deb aytding” ayblovi bilan xizmat vazifasini bajarayotgan xodimlarga tuhmat qilgan.
Profilaktika inspektorlari ushbu fuqaroga xizmat xonasiga borishni aytganida qarshilik qilgani, shaxsini tanishtirmaganligi, qonuniy talabga bo`ysunmagani va karantin tartiblarini buzgani uchun O`z.Res.MJtKning 40-moddasi, 54-moddasi 1-qismi hamda 194-moddasi 1-qismi bilan ma`muriy xujjatlar rasmiylashtirilib, Ma`muriy ishlar bo`yicha Uchqo`rg`on tuman sudiga taqdim etilgan.






