21 oktyabr kuni Toshkent shahar IIBBga kelib tushgan xabarga ko`ra, 13 oktyabr kuni uch erkak o`zlarini Sergeli tuman gaz ishchilari sifatida tanishtirib, xonadonlardan birida noqonuniy o`rnatilgan isituvchi bug` qozon va pol isitish tizimini aniqlab, jarima 8 million so`mni tashkil etishini aytishgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Akt tuzmasdan masalani hal qilib berish evaziga xonadon egasidan 300 AQSh dollarini talab qilib, oldindan to`lov tariqasida 520 000 so`m olishgan. Shundan so`ng tumangaz ishchilari muntazam ravishda fuqarodan qolgan 250 AQSh dollarini talab qilishni boshlashgan.
21 oktyabr kuni taxminan soat 13.00 da tezkor tadbir davomida Toshkent shahar IIBB JQB iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurash bo`limi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti hamkorligida “Hududgaz Poytaxt” gaz ta`minotining Sergeli filiali xodimi 30 yoshli Nursulton B.ni 250 AQSh dollari olish vaqtida qo`lga olishdi.
Shuningdek o`z ish hududlariga qarashli bo`lmagan manzillarni tekshirib, xizmat vakolatlarini suiiste`mol qilgan “Hududgaz Poytaxt” gaz ta`minotining Sergeli filiali xodimlari 30 yoshli Davronbek M. va 27 yoshli Hamidullo A.lar ashyoviy dalillar asosida surishtiruvga jalb qilingan. To`plangan hujjatlar Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining tuman bo`limiga yo`naltirilgan. Tergov olib borilmoqda.






