Bosh prokuratura boshqarma prokurori Murodulla Tursunmetovning ma`lum qilishicha, Qonunlardagi ayrim kollizion yoki amalda ishlamaydigan normalar til to`g`risidagi qonun talablari buzilishiga sharoit yaratgan.
" -- Xususan, “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20 - moddasida lavhalar, e`lonlar, narxnomalar va boshqa ko`rgazmali hamda og`zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e`lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkinligi belgilangan.
“Reklama to`g`risida”gi Qonunning 5 - moddasida esa, O`zbekiston Respublikasi hududida reklama O`zbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko`ra boshqa tillarda tarqatilishi belgilangan.
Bunday o`zaro zid normalar oqibatida tashqi axborot beruvchi matnlarda ko`plab qonun buzilishlar uchramoqda.
Masalan, Mirzo Ulug`bek tumani, Yuzrabot ko`chasidagi reklama va axborot matnlarining 277 tasi yoki 60 foizida, Mirzo Ulug`bek shoh ko`chasida 77 tasida (68 %), Temur Malik ko`chasida 91 tasida (71 %), Bog`ishamol ko`chasida 76 tasida (60 %) reklama va e`lonlar faqat xorijiy tilda yoki imloviy xatolar bilan yozilgan.
O`rganishda, Samarqand viloyatida davlat tili va imlo qoidalariga rioya qilinmagan 5 816 ta, Andijonda 1 483 ta, Namanganda 475 ta va Navoiyda 300 ta tashqi yozuvlar aniqlanib, almashtirilishi ta`minlandi," deydi Murodulla Tursunmetov.
Uning ta`kidlashicha, Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 42 - moddasi (“Davlat tili to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzish”) dispozisiyasida asosan ta`lim olishga to`sqinlik qilish yoki tilni mensimaslik uchungina javobgarlik belgilanganligi bu moddaning amalda to`laqonli ishlashini cheklamoqda.
Xususan, 2018 - 2019 yillar va joriy yilning 9 oyida sudlarda bu modda bilan bog`liq atigi 3 ta ish ko`rilgan, xolos.
Geografik ob`ektlar va firmalarning nomlanishida qonunchilik talablariga rioya qilinmagan.
Xususan, Qibrayda “Vishka” va “Lagerniy” nomli tog`, Bo`stonliqda “Melovoy” dovoni, Popda “Korolevskoe” oltin koni, Arnasoyda “Pogranichniy” kollektori, Konimexda “Peschanoe” oltin va “Visokovoltnoe” kumush konlari, Sariosiyoda “Dribova” soyi kabi geografik ob`ektlarning nomlari davlat tilida aks ettirilmagan.
Yoki, Asaka va Bo`stonda “Axtachi”, Qarshi shahrida “Haramjo`y”, Buxoro tumanida “Pat - put”, Chiroqchida “Hezalak”, Shahrisabzda “Chot”, Kitobda “Sumak” va Qamashida “Qo`tirsoy” nomli soylar, Tomdida “Narkoman” nomli do`nglik va Jondorda “Lolo” nomli aholi punkti kabi qo`pol va nomi tushunarsiz bo`lgan geografik ob`ektlarning toponimik nomlarni almashtirish masalasi ko`rib chiqilmagan.
Shu kabi, tahlil o`tkazilgan 7 mingta firma nomlaridan 5 mingtasi (71 %) xorijiy yoki o`zbek va boshqa tillardagi so`zlar bilan birikma holida nomlanganligi aniqlandi.
Achinarlisi, firmalarni xorijiy so`zlar bilan nomlashda uni asl ma`nosini tushunmay, uslubiy jihatdan noto`g`ri qo`llanilmoqda.
Misol uchun, aksariyat farmasevtika va tibbiyot yo`nalishidagi firmalar o`z nomiga ingliz tilidagi “farm” so`zini qo`shgan holda birikmali nomlardan foydalanmoqda (“Shamshod farm shifo”, “Zebiniso med farm”, “Apteka farm” va boshq.).
Vaholanki, ushbu so`z o`zbek tilida “ferma” ma`nosini bildirib, tibbiyot sohasiga aloqasi mavjud emas. Bu kabi nomlash bilan bog`liq holatlarni yana ko`plab uchratish mumkin.