YTH ro`y berishi ehtimoli yuqori bo`lgan yo`l qismi haqida ogohlantirish – sizningcha foydali bo`ladimi? Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi. Toshkent shahar IIBB Yo`l harakati xavfsizligi boshqarmasi xorijiy tajribaga asoslanib, yangi yo`l belgisi – “YTH sodir bo`lishi ehtimoli yuqori bo`lgan yo`l qismi” yangi yo`l belgisini joriy etish maqsadga muvofiqligini o`rganmoqda. Mazkur yo`l belgisi haydovchi va piyodalarni yo`l-transport hodisalari ehtimoli yuqori bo`lgan yo`l qismiga yaqinlashib kelayotganlari haqida ogohlantiradi. Ma`lum yo`l qismining xavfliligi statistik ma`lumotlar va mavjud sharoitlarni (yo`l qoplamasi, ko`rinishni to`suvchi yo`l chetidagi daraxtlar, bino va inshootlar va boshqalar) inobatga olgan holda baholanadi. Xususan, yo`l-transport hodisalari ro`y berishi ehtimoli yuqori bo`lgan yo`l qismlariga o`tgan chorak davomida uch martadan ko`p YTH ro`y bergan hududlar kiritiladi. Yangi ogohlantirish chetlari qizil rang bilan chegaralangan va o`rtasida qora rangli nuqtasi bo`lgan oq rangdagi uchburchak belgi ko`rinishida bo`lishi kutilmoqda. Uning ostida to`rtburchak shaklda ikki avtomobilning to`qnashuvi yoki avtomobil va piyoda ishtirokida YTH aks etgan rasmli izoh berilgan belgi ham o`rnatiladi. Belgi xavfli hududdan 100-150 metr oldin o`rnatilib, natijada yo`l harakati qatnashchilarida chora ko`rishlari uchun vaqt bo`ladi. Haydovchi tezlikni pasaytirishi, harakatlarni ehtiyotlik bilan amalga oshirishi zarur bo`ladi. Piyodadan esa yo`lni ehtiyot bo`lib kesib o`tishi talab etiladi. Hurmatli haydovchi va piyodalar! Amalda belgining ta`siriga baho berishingiz uchun Toshkent shahar IIBB sinov tariqasida mazkur belgilarni poytaxtda o`rnatishni rejalashtirmoqda. Mazkur chora yo`l-transport hodisalarining oldini olishda samarali bo`ladi deb o`ylaysizmi? Sharhlarda muhokama qilishni taklif etamiz. |
23.10.2020 17:09
YTH ro`y berishi ehtimoli yuqori bo`lgan yo`l qismi haqida ogohlantirish – sizningcha foydali bo`ladimi?






