25 oktyabr – O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni. Shu munosabat bilan O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev soha vakillarini tabrikladi, deya xabar berdi Prezident matbuot xizmati.
"Keyingi to`rt yilda barcha sohalar singari ichki ishlar tizimida ham keng ko`lamli va puxta o`ylangan islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, jamiyatda qonun ustuvorligini ta`minlash, ichki ishlar organlarini el-yurt manfaatiga xizmat qiladigan chinakam xalqchil tizimga aylantirish yo`lida katta ishlar olib borilmoqda.
Shu maqsadda ushbu tizim faoliyati tubdan takomillashtirilib, markaziy apparatdagi shaxsiy tarkibning 85 foizi bevosita aholi yashash punktlariga, quyi tizimlarga tushirildi.
Ichki ishlar organlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, murojaatlarni tunu kun qabul qilish, mavjud muammolarni joyida va o`z vaqtida hal etish maqsadida 200 taga yaqin ichki ishlar bo`limi va bo`linmalari faoliyati to`liq yangitdan tashkil etildi..
Sohada shaxsiy tarkibni ijtimoiy himoya qilish, ularning yashash va xizmat sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e`tibor berilmoqda. So`nggi to`rt yilning o`zida 241 ta xizmat uylari qurilib, uy-joyga ehtiyoji bo`lgan va xizmatda alohida o`rnak ko`rsatgan xodimlarning oilalariga topshirilgani ham bu boradagi ishlarimizning amaliy tasdig`idir. Bundan tashqari, 2018-2020 yillarda soha xodimlari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida Toshkent shahrida barpo etilgan zamonaviy ko`p qavatli uylardan 392 ta, Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda esa 2 mingga yaqin kvartira ajratildi.
Ichki ishlar organlari innovasion raqamli texnologiyalar va axborot-kommunikasiya tizimlari bilan muntazam ta`minlanmoqda. Birgina 2017-2020 yillarda shaxsiy tarkib uchun 45 ta yangi xizmat ob`ekti qurilib, foydalanishga topshirilgani bu fikrni tasdiqlaydi" deyiladi tabrik matnida.
Shuningdek, tabrikda mamlakatimizda birinchi marta har bir mahallaga bir nafardan profilaktika inspektori biriktirilgani, ularga mahalla raisining o`rinbosari maqomi berilgani, ularga 6 787 ta xizmat uylari qurilgani, 7 388 ta shaxsiy avtomashina uchun imtiyozli kreditlar ajratilgani qayd etiladi.
Mamlakatimiz tarixida ilk bor faqat ayol xodimlar ishlaydigan xotin-qizlar masalalari bo`yicha inspektor lavozimlari joriy etilgani ham alohida ta`kidlanadi.
"Sizlarni yana bir bor kasb bayramingiz bilan chin yurakdan qutlab, barchangizga mustahkam sog`lik, xonadonlaringizga fayzu baraka, g`oyat mas`uliyatli va serqirra faoliyatingizda yangi zafarlar tilayma" deyiladi davlat rahbari tabrigida.






