AsosiyJamiyat

Abdulaziz Komilov: "Global pandemiya iqtisodiy muammolar, ijtimoiy va gender tengsizlikni yanada kuchaytirdi"

'Abdulaziz Komilov: "Global pandemiya iqtisodiy muammolar, ijtimoiy va gender tengsizlikni yanada kuchaytirdi"'ning rasmi

Butun dunyoda inqirozga sabab bo`layotgan pandemiya va uning oqibatlarini tugatish haqida ko`pchilik siyosatchilar, davlat va jamiyat boshqaruvining liderlari o`z fikr-mulohazalarini bildirishmoqda. Ular orasida dunyodagi ziddiyatlar va inqiroz oqibatlarini engillashtirish bo`yicha umidli echimlarni taklif qilayotganlar ham bor.

O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov ham global pandemiya davri munosabatlari va muammolari haqidagi fikrlari bilan o`rtoqlashdi:

"Koronavirus pandemiyasi keng miqyosli va ko`rinib turgandek, uzoq muddatli ta`sir kuchiga ega, bir kecha-kunduzda tugamaydigan global hodisa sifatida allaqachon zamonaviy dunyo jarayonlarining barcha sohalari — siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ekologiya, inson taraqqiyotida sezilarli o`zgarishlarga sabab bo`ldi. Ko`plab mamlakatlarda sog`liqni saqlash inqirozi shu paytgacha mavjud bo`lgan iqtisodiy muammolar, ijtimoiy va gender tengsizlikni yanada kuchaytirdi, bugun qator mintaqalar duch kelayotgan tabiiy ofatlarning salbiy ta`sirini oshirdi. Shuningdek, u davlatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va xalqaro faoliyatning ustuvor yo`nalishlarini o`zgartirishga yoki tuzatishlar kiritishga majbur qildi. Bunday sharoitda insoniyatning turmush tarzi ham o`zgarib bormoqda.  

Shu sababli atrofimizdagi tez o`zgarayotgan dunyo haqida gapirganda uning nafaqat “pandemik o`lchovi”, balki o`zaro bog`liq bo`lgan yangi hodisalarning butun bir jamlanmasini nazarda tutish kerak. Ular turli mamlakatlarning ichki hayotini, xalqaro siyosat, dunyo iqtisodiyoti, jahon xo`jalik munosabatlarini, shuningdek, global axborot, texnologik va ijtimoiy-gumanitar aloqalarni qamrab olmoqda. Umuman olganda, so`z shakllanayotgan sifat jihatidan yangi xalqaro munosabatlar tizimi, ehtimol tubdan o`zgargan yangi dunyo tartibi haqida ketmoqda.  

Ushbu munosabatlar nafaqat siyosiy, iqtisodiy asoslarni, balki, e`tibor qaratmoqchimanki,  zamonaviy dunyo tartibi qadriyatlarini jiddiy qayta ko`rib chiqish jarayonida shakllanmoqda. Aniqroq qilib aytganda, buni, masalan, ayrim davlatlarning milliy egosentrizm, deb atalmish xususiyatlari kuchayishida, ko`plab hukumatlarning, avvalambor, o`z mamlakatlari yoki hatto ularning alohida siyosiy doiralarining manfaatlarini ta`minlashga intilishida ko`rish mumkin. Shunday ham ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar rivojlanish bosqichi jihatidan sezilarli darajada farq qiladigan davlatlarning tengsizligi tobora kuchaymoqda.

Ayrim davlatlar o`rtasidagi ziddiyatlar chuqurlashib, axborot, texnologik, sanksiyaviy urushlarning yanada keskin bosqichlariga aylanib bormoqda. Biz dunyoning turli mintaqalarida zo`ravonlik va harbiy inqirozning avj olishiga guvoh bo`lmoqdamiz.  

Afsuski,  bularning barchasi dunyoning etakchi davlatlari munosabatlaridagi tizimli keskinliklar muhitida sodir bo`lmoqda. Biror bir davlatni chetlab o`tmagan pandemiya sharoitida ushbu keskinlik umumjahon muammolariga echim topishga, jumladan, kambag`allik, qashshoqlik va ochlik, xavfli kasalliklar va iqlim o`zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.  COVID-19 ning chegara yopilishi, karantin zonalari belgilanishi, ta`minotning uzilishi va boshqa ko`rinishdagi to`g`ridan-to`g`ri ta`siri bilan birga, turli global “o`yinchi”lar o`rtasidagi xalqaro siyosiy nomutanosibliklar dunyo miqyosidagi ishlab chiqarish va mahsulotlarni sotish zanjirlarining buzilishi, erkin savdoga zarar etishi, investisiyalar oqimi va iqtisodiy aloqalarning susayishiga olib kelmoqda".

    Boshqa yangiliklar