AsosiyJamiyat

Abdumo`min O`tbosarov farzandlarining to`yida boshlovchilik qilish niyatida edi

O`zbekiston xalq artisti, marhum suxandon Abdumo`min O`tbosarov o`z farzandlarining to`ylarida boshlovchilik qilish orzusida edi. Bu haqda O`zMTRKning  taniqli suxandonlari Namuna Zohirova va Surayyo Ermatova «Daryo» nashriga bergan intervyusida ta`kidlab o`tdi.

«Abdumo`min akaning ikki o`g`li bor. ‘Xudo xohlasa, o`g`limning to`yida o`zim boshlovchilik qilaman’, — deb niyat qilgan ekanlar», — deydi Namuna Zohirova. Surayyo Ermatovaning so`zlariga ko`ra, Abdumo`min O`tbosarov farzandlarining to`yi hammanikidan boshqacha bo`lishini istagan, hatto maxsus ssenariylar ham tayyorlab qo`ygan, bu haqda o`z yaqinlariga, hamkasblariga faxrlanib so`zlab berardi.

«Abdumo`min aka qo`li gul inson edi. Uydagi mayda-chuyda nosozliklarni, maishiy texnikalarni tuzatish u kishiga cho`t emasdi. Hovlisi qurilayotganida, har bir xonasi bitganida, suratlarini bizga ko`rsatardi: ‘Mana bu erini o`zim qildim, bu erida esa ustalar ishladi’, — deb. Yaqinlaridan ko`ngil so`rab uyiga borganimizda, bu uyga xuddi avval ham kelgandek bo`ldim, chunki Abdumo`min aka bizga bu uydagi barcha xonalarni qurilgan vaqtida faxrlanib, xursandchilik bilan ko`rsatib bo`lgandi», — dedi Namuna Zohirova.

Abdumo`min O`tbosarovning kutilmagan o`limi uning hamkasblarini karaxt ahvolga solib qo`ydi. U rahbarlik qilgan jamoa a`zolari hali ham bo`lgan voqeaga ishona olmayapti, nima bo`lganiga tushunmayapti.

«Rahmatilla Mirzaevning o`limi bir katta zarba bo`lgandi. Abdumo`min akaning kasalxonaga olib ketishibdi, deyishganida ham bu xabarni xotirjam qabul qilgandik. Axir issiq jon, tobi qochgan bo`lishi mumkin, yaxshi bo`lib ketadi, deb o`ylagandek. Vafot etishi mumkinligi xayolimizga ham kelmagan edi. O`ylashimcha, Abdumo`min aka hammamizga o`lim haq ekanligini isbotlab ketdi», — dedi Namuna Zohirova.

    Boshqa yangiliklar