1

"17 ta dala hovliga zarar etdi, etti nafari tiklab bo`lmaydigan darajaga kelgan". Parkentdagi suv toshqini bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi

Jamiyat 29.10.2020, 09:01
"17 ta dala hovliga zarar etdi, etti nafari tiklab bo`lmaydigan darajaga kelgan". Parkentdagi suv toshqini bo`yicha tafsilotlar ma`lum qilindi

Joriy yilning 20 oktyabr kuni Parkent tumani “Aviastroitel” bog`dorchilik-uzumchilik shirkati hududidagi aholini ichimlik suvi bilan ta`minlaydigan suv yig`ish rezervuarining yorilishi oqibatida suv toshqini sodir bo`lgan. Mazkur shirkat 629 ta dala hovliga xizmat ko`rsatadi.

Hodisa yuzasidan rasmiy ma`lumot bergan Toshkent viloyati hokimligining xabariga ko`ra, shirkat hududidagi 1977 yilda qurilgan suv yig`ish rezervuari (2000 m3 sig`imga ega) ko`p yillardan beri foydalanilganligi bois, ta`mir talab holatga kelgan, temir konstruksiyalarining mustahkamlik darajasi yo`qolganligi tufayli avariya holati ro`y bergan.

Oqibatda 17 ta dala hovliga suv kirgan. Xususan, rezervuar yaqinida joylashgan 7 ta dala hovli jiddiy zarar ko`rgan.

Masalan, Rahmatullaeva Gulnora, Mirzeva Irina, Dobroenka Kira, Shironova Evgeniya, Maxsumov Dovudxon, Abdullaeva Marhamat va Ashurova Bumayramga tegishli dala hovlining asosiy binolariga jiddiy ziyon etgan. Uyning yashash xonalari, oshxona, hammom, hojatxona va bostirmasi tiklab bo`lmaydigan darajaga kelgan.

Bugungi kunda Parkent tumani hokimligi tomonidan tezkor choralar ko`rilmokda. Shirkat rahbari Ulugbek Abdullaev tomonidan zarar ko`rgan 7 ta dala hovlini tiklash ishlariga kirishilgan.

Parkent tumani hokimligi tashabbusi bilan, aholiga amaliy yordam ko`rsatish maqsadida, tuman mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi, korxona va tashkilotlar rahbarlaridan iborat komissiya tuzildi.  

Komissiyaga tuman hokimining birinchi o`rinbosari, moliya bo`limi, tuman bosh me`mori, er resurslari va ko`chmas mulk kadastri, bandlikka ko`maklashish markazi, uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish bo`limi mutasaddilari kirgan bo`lib, ular shirkat rahbari va shirkat a`zolari bilan ko`rilgan zarar miqdorini aniqlashadi. Albatta, zarar ko`rgan dala hovlilarning bino va inshootlarini ta`mirlash choralari ko`riladi.

Shuningdek, bugungi kunda tuman elektr tarmoqlari, gaz ta`minoti, “Suvoqava” filiali korxonalari tomonidan sohalar buyicha ta`minot tizimlarining holati o`rganilib, zarar ko`rgan dala hovlilarda kommunal tarmoqlarni tiklash-ta`mirlash ishlariga kirishildi.

Shu bilan birga, tuman sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi, mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash bo`limi xodimlari tomonidan aholi orasida turli xil kasalliklar kelib chiqmasligi uchun profilaktik tadbirlar olib borilyapti.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1