Kuni kecha, Davlat test markazi tomonidan sentyabr oyida test sinovlarini o`tkazishda abiturientlarga tarqatish uchun 13,4 mlrd so`mlik kepka, qo`lqop, maska, suv va ruchka xarid qilgani va test sinovlarini o`tkazishga jalb qilingan xodimlarni ovqatlantirishga 1 mlrd 550 mln so`m atrofida mablag` sarflagani xabar qilingan edi. Xabar ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokama qilinmoqda.
Ayni paytda DTM holat bo`yicha izoh berdi.
Davlat komissiyasining 2020- yil 19 iyuldagi 1-son bayoni bilan Davlat test markazi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlaridan kelib chiqib, 2020-2021-o`quv yili qabulida test sinovlarida abiturientlarni tibbiy niqob, qo`lqop, ruchka, ichimlik suvlari, guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlarni sifatli tushlik bilan o`z vaqtida ta`minlash maqsadida ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishi belgilangan.
Shuningdek, Davlat komissiyasining 2020 yil 28 avgustdagi 3-son bayoni bilan Davlat test markazi 2020-2021-o`quv yili qabulida kirish test sinovlari ochiq stadionlar va xiyobonlarda o`tkazilishi munosabati bilan quyosh nuridan himoyalash maqsadida, abiturientlarni bosh kiyim (kepka) bilan ta`minlash uchun ichki tanlov asosida shartnomalarni rasmiylashtirishga ruxsat berilgan.
“BOBURXON BN NODIRXON” korxonasi bilan dastlab tuzilgan shartnomaga binoan korxona 1 mln dona bosh kiyim (kepka)ni 6 174 so`mdan 6 174 000 000 so`mga, 15 % qo`shimcha qiymat solig`i bilan birga 7 100 100 000 so`mga etkazib berishi kerak bo`lgan.
Lekin korxona belgilangan miqdorda bosh kiyimlarni etkazib bera olmagani uchun dastlabki shartnoma bekor qilinib, qo`shimcha kelishuv imzolangan va 6 174 so`mdan jami 69 506 dona bosh kiyimni 429 130 044 so`mga, 15 % qo`shimcha qiymat solig`i bilan birga 493 499 550,60 so`mga etkazib bergan.
Mazkur korxona bosh kiyimlarni etkazib bera olmagani uchun boshqa korxonalar bilan ham bosh kiyim etkazib berish bo`yicha shartnomalar imzolangan.
Guruh nazoratchilari hamda ushbu jarayonga jalb etiladigan xodimlar ertalab 06:00 dan kechki 20:00 qadar 15 soat davomida test sinovlari o`tkaziladigan hududda bo`lganligi sababli ularni sifatli tushlik bilan o`z vaqtida ta`minlash maqsadida har bir hududda turli korxonalar bilan shartnomalar imzolangan. Bunda eng qimmat shartnoma Toshkent shahri uchun bo`lib, 13 kunga 12610 dona tushlik (bir martalik idish, ovqat, salat, non, suv, bulochka) ning har biriga 31 000 so`mdan (etkazib berish bilan birga) jami 390 910 000 so`mga imzolangan.
Undan keyingi eng qimmat shartnoma Samarqand viloyatida imzolangan bo`lib, bunda 12 kunga 5467 dona tushlikning har biriga 25 000 so`mdan jami 136 675 000 so`mlik shartnoma imzolangan, deyiladi rasmiy izohda.
Mavzuga doir:






