2020 yil 28 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Namangandagi Grand Sherdor mehmonxonasi oldida ko`tarilgan Fransiya bayrog`i olib tashlangani to`g`risida xabarlar tarqaldi.

Mehmonxona menejeri Komiljon Begmatovning ma`lum qilishicha, mehmonxona oldiga jami 7 ta — Grand Sherdor, O`zbekiston, AQSh, Qozog`iston, Fransiya, Evroittifoq va Rossiya bayroqlari ilingan. 28 oktyabr kuni soat 13:20 da mehmonxona oldidagi barcha bayroq, jumladan, O`zbekiston bayrog`i ham echib olingan.
Shu kuni soat 16:30 da bayroqlar yuvilib, dazmollanib, qaytadan joyiga ilingan.
Ma`lum qilinishicha, har oy yakunida mehmonxona oldida bayroqlar echib olinib, yuvib, keyin joyiga ilib qo`yiladi. Fransiya bayrog`ini kimdir tomonidan yulib, so`ng toptab tashlangani haqidagi gaplar esa mantiqqa to`g`ri kelmaydi. Aytilishicha, mehmonxonada kuzatuv kameralari, qolaversa, qo`riqchilar bor.
Menejerga ko`ra, vodiydagi ilk butik-otel bo`lgan mehmonxonani Fransiya bilan yaxshi aloqalar bog`lab turadi. O`tgan yili ham bir guruh fransuz sayyohlari bu erda bo`lib, iliq taassurotlar bilan yurtlariga qaytishgan.