AsosiyJamiyat

Prokurorlar sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi yangi vazifalarini belgilab olishdi

'Prokurorlar sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi yangi vazifalarini belgilab olishdi'ning rasmi

31 oktyabr kuni Buxoro shahrida bevosita sektorlar ishi uchun mas`ul bo`lgan katta yordamchilar ishtirokida Bosh prokuratura tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasining tegishli bo`linmalari bilan hamkorlikda “Pandemiya sharoitida hamda yaqin istiqbolda sektorlar faoliyatini samarali tashkil etish borasidagi dolzarb vazifalar” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Bu haqda Bosh prokuratura ma`lum qildi.

Tadbirda Prezident Administrasiyasi xodimlari, Bosh prokuratura va uning quyi tuzilmalari mas`ul xodimlari, Buxoro viloyati hokimligi, IIB, soliq idoralarining sektor kotiblari, viloyat xalq qabulxonasi vakillari, barcha tuman (shahar)lar 2-sektor kotiblari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Seminar-treningda aholini qiynayotgan muammolar bilan ishlash tizimi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo`yicha sektorlar faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.  

Shuningdek, prokuratura mas`ul xodimlariga sektorlar oldiga qo`yilgan asosiy vazifalar, saxovat.argos.uz sayti bilan ishlash tartibi, sektorlarda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ning yuritilishi, ularga ehtiyojmandlar, yoshlar hamda ayollarni kiritishning mezonlari, keng jamoatchilik, xususan ommaviy axborot vositalari bilan ishlashning  o`ziga  xos jihatlari  atroflicha  tushuntirildi.

Tadbir bahs-munozara ruhida o`tdi. Ishtirokchilar o`zlarining qiziqtirgan barcha savollariga javob oldilar.

Tadbir ishtirokchilari Buxoro viloyati tuman va shaharlari 2-sektorlarida ham bo`lib, yangi va muhim vazifalarni amalga oshirish mexanizmlari bilan bevosita tanishdilar hamda o`zaro tajriba almashdilar.

Ma`lumot uchun:  pandemiya sharoitida prokurorlar sektorlaridagi 149.911 ta ehtiyojmand oilaga 7 mlrd so`mlik oziq - ovqat, 380 mln so`mlik dori - darmon, 12.9 mlrd so`mlik chorva, 6.6 mlrd so`m pul mablag`lari  tarqatilgan.

Iqtisodiy, investisiya, qishloq xo`jaligi, qurilish kompleks-laridagi loyihalar doirasida hamda rasmiy  o`zini o`zi band qilish va boshqa faoliyat turlari bo`yicha 124.844 nafar ehtiyojmand oilaning ishsiz a`zolari bandligi ta`minlangan.  

Ko`rsatilgan amaliy yordamlar natijasida ijtimoiy ahvoli yaxshilanganligi sababli prokurorlar sektorlaridagi 72.451 ta (48,3 %) ehtiyojmand oila mahalliy Kengashlarning qarorlari asosida  tegishli  ro`yxatlardan  chiqarilgan.

Sektorlarga qo`yilayotgan vazifalar ko`lami kundan-kunga ortayotganligi esa, ularning xalq manfaati yo`lidagi faoliyatini yangi bosqichga ko`tarish maqsadida, ichki imkoniyatlardan foydalangan holda, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarida sektorlar faoliyati bilan bog`liq vazifalar ijrosi uchun mas`ul bo`lgan mazkur hududlar prokurorlarining katta yordamchisi lavozimi joriy etildi.

 

    Boshqa yangiliklar