AsosiyJamiyat

Olmaliq shahrida yuz bergan holat yuzasidan axborot berildi

'Olmaliq shahrida yuz bergan holat yuzasidan axborot berildi'ning rasmi

Bugun Olmaliq shahrida korxona-tashkilotlar, xususan, OKMK ishtirokida bo`sh ish o`rinlari yarmarkasi o`tkazilgan. Yarmarka o`tkazish uchun "Metallurg" madaniyat saroyi tanlangan edi. Biroq, talabgorlarning ko`pligi, xususan, OKMK ga ishga kirish istagida yaqin hududlardan ham kelgan fuqarolar hisobiga mo`ljalangan joyda tiqilinch yuzaga kelgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Shundan so`ng, zudlik bilan shahar hokimligi, OKMK mas`ullari mehnat yarmarkasini mazkur madaniyat saroyiga yondosh hududda joylashgan "Yoshlar bog`i"ga ko`chirgan. Ayni paytda "Yoshlar bog`i"da Olmaliq shahar sektor rahbarlarining sayyor qabuli ham bo`lib o`tmoqda.

Ta`kidlash joizki, yangi loyihalarning o`zlashtirilishi, qo`shimcha quvvatlarning ishga tushiri lishi hisobiga OKMKda yaqin yillarda qariyb 10 ming nafar qo`shimcha ish o`rniga ehtiyoj tug`ilishi kutilmoqda. Bugungi kunda bosqichma bosqich bu ish o`rinlariga xodimlarni saralash ishlari boshlangan.

Kombinat ma`muriyatining ma`lum qilishicha, bugungi holat yuzasidan tegishli mutasaddilar qat`iy ogohlantirilgan. Ish beruvchi tomonidan o`tkaziladigan mehnat yarmarkasi talablariga muvofiq, ixtisosliklar bo`yicha, navbati bilan ishga qabul jaryonini tashkil etilishi bo`yicha topshiriq berilgan. 

OKMK tomonidan fuqarolarni ishga qabuli o`tkaziladigan kunlar va qaysi ixtisoslik uchun qachon suhbat bo`lishi haqida rasmiy veb sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali qo`shicha axborot beriladi.

Ma`lumot uchun: OKMK mamlakatimiz iqtisodiyotida alohida o`rin tutuvchi yirik korxona bo`lib, bu joyda ishlashga talabgorlar doim ko`p bo`lgan. O`tgan yili korxonaga jami 2 ming 500 nafardan ziyod ishchi qabul qilingan. Joriy yilda bu ko`rsatkich 787 nafarni tashkil qilmoqda. Shuningdek, joriy yilning 31 oktyabr kuni OKMK rahbarining “Metallurg” madaniyat saroyida yoshlar bilan o`tkazgan uchrashuvidan so`ng, 142 nafar fuqaro kombinatga ishga qabul qilingan edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar