AsosiyJamiyat

O`zbekistonda talabalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasini tashkil etish taklif etilmoqda

'O`zbekistonda talabalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasini tashkil etish taklif etilmoqda'ning rasmi

O`zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Rasul Kusherbaev, Jahongir Mamajonov va Abdurashid Abduqodirov mamlakatdagi oliy ta`lim muassasalarida to`lov-kontrakt asosida o`qiydigan talabalarni qo`llab-quvvatlash uchun Talabalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasini tuzishni taklif qilmoqda. Bu haqda Rasul Kusherbaev o`zining Telegram’dagi kanalida ma`lum qildi.

Rasul Kusherbaevning bildirishicha, so`nggi vaqtlarda ko`plab yoshlarning oliy o`quv yurtlarida o`qish uchun kontrakt to`lovlarini to`lashda qiyinchiliklarga uchrayotganligi haqida murojaatlar bo`lmoqda. Bu o`z o`rnida ta`lim kreditlarini berish tartibini qayta ko`rib chiqish va qo`llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etishni taqozo etmoqda.

«Og`riqlisi, bir qator talaba yoshlar mablag`i bo`lmaganligi sababli o`qishni tashlab ketishga ham majbur bo`lmoqda. Ushbu masala pandemiya sharoitida yanada dolzarb bo`lib boryapti», — deb yozgan deputat.

Amaldagi tartiblarga ko`ra, tijorat banklari tomonidan berilgan ta`lim kreditlari bo`yicha:

chin etimlarga, Mehribonlik uylarida tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga nol foiz stavkasi (foizsiz kredit);

talabalarning qolgan toifalariga — 2020 yil 1 yanvardan boshlab foiz xarajatlarining bir qismini «Yoshlar — kelajagimiz» jamg`armasi mablag`lari hisobidan kompensasiya qilish mexanizmidan foydalanish imkoniyati bilan bozor stavkalari belgilanadi.

Ta`lim kreditlari bo`yicha foiz stavkasi va tijorat banklari tomonidan qo`shiladigan foizlar uchun to`lovlar miqdori Markaziy bankning asosiy stavkasi o`zgarishiga qarab o`zgarishi mumkin, bu kredit shartnomasida qayd etilishi kerak.

Shuningdek, kam ta`minlangan oilalardan bo`lgan talabalar uchun kredit bo`yicha qo`shilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan ta`minlashga ko`maklashish davlat jamg`armasi mablag`laridan to`lanadi.

Ko`rsatib o`tilgan imtiyozga ega bo`lgan oilalar kam ta`minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to`lash tartibi to`g`risidagi nizomga muvofiq (Vazirlar Mahkamasining 44-son qaroriga 1-ilova) fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan aniqlanadi.

Deputatning qayd etishicha, amaliyotda ta`lim krediti bo`yicha foiz xarajatlarining bir qismini «Yoshlar — kelajagimiz» jamg`armasi mablag`lari hisobidan kompensasiya qilish mexanizmidan foydalanishda qiyinchiliklar mavjud, qancha qismini kompensasiya qilinishi aniq belgilanmagan. Shuningdek, kam ta`minlangan oila ekanligini isbotlash jarayoni ham oson emas.

Talabalarga ta`lim kreditlari ajratilishini ko`paytirish, engillashtirish hamda belgilanadigan imtiyoz shartlarini umumlashtirish maqsadida deputatlar alohida Talabalarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasini tashkil etish taklifini ilgari surmoqda.

Taklifga ko`ra, ushbu jamg`armaning moliyaviy manbalari etib quyidagilarni belgilash rejalashtirilmoqda:

oshirilgan kontrakt to`lovlarining, oliy ta`lim muassasalarida bo`sh turgan mablag`larni depozitga qo`yishdan tushgan foydaning 5—10 foizi, xayriya mablag`lari, shuningdek, «Yoshlar — kelajagimiz» jamg`armasi, Bandlikka ko`maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan ta`minlashga ko`maklashish davlat jamg`armasi mablag`larining ta`lim krediti foizlarini kompensasiya qilishga yo`naltirilgan qismi;

qoldiq mablag`lar shuningdek, zarur bo`lganda byudjet mablag`lari;

jamg`arma mablag`larini to`lov shartnomasi asosida o`qiyotgan birinchi va ikkinchi bosqich talabalarining 25 foiziga, bitiruvchi bosqich talabalarining 75 foiziga qolgan bosqichlarda o`qiyotgan talabalarning esa 50 foiziga tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta`lim kreditlari foizlarining yarmini, chin etimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlarga esa to`liq to`lashga yo`naltirish kerak bo`ladi.

Deputatlarning umid bildirishicha, ushbu taklifning qo`llab-quvvatlanishi talaba yoshlarga yordam berish borasida davlat rahbari boshchiligida O`zbekistonda olib borilayotgan ishlarning yana bir amaliy natijasi bo`ladi.

 

Boshqa yangiliklar