1

Oliy sud “UzAuto Motors” ishi bo`yicha rasmiy bayonot berdi

Jinoyat 06.11.2020, 10:07
Oliy sud “UzAuto Motors” ishi bo`yicha rasmiy bayonot berdi

Ma`lumki, 2020 yil 30 oktyabrda Toshkent shahar ma`muriy sudining “UzAuto Motors” AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo`yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi shikoyat arizasi bo`yicha hal qiluv qarori qabul qilingan.

Ushbu qaror qator ommaviy axborot vositalari va turli ijtimoiy tarmoqlarda jurnalistlar, blogerlar, jamoatchilik vakillari hamda fuqarolarning keng baxs-munozaralariga, e`tirozlariga sabab bo`ldi.

Shu munosabat bilan quyidagilar ma`lum qilinadi:

O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi “UzAutoMotors” AJning raqobat va soha qonunchiligi talablariga rioya etilishi, jamiyat tomonidan ishlab chiqarilayotgan engil avtomobillar tannarxining shakllanishini va narx qo`llanilishining asosliligi yuzasidan tekshirish o`tkazilib, tekshirish natijasi maxsus komissiyada ko`rib chiqilgan.

2020 yil 19 avgustda Maxsus komissiya “UzAutoMotors” AJ tomonidan “Raqobat to`g`risida”gi qonun va “Tovarlar (ishlar, xizmatlar) tartibga solinadigan narxlarni shakllantirish, deklarasiya qilish va belgilash hamda ularning qo`llanilishini davlat tomonidan nazorat qilish tartibi to`g`risida”gi Nizom talablari buzilgan deb topib:

– asossiz kiritilgan harajatlarni avtomobillar chakana narxidan chegirish, asossiz olingan mablag`larni iste`molchilarga qaytarish yoxud iste`molchilarni aniqlash mumkin bo`lmagan taqdirda, Qo`mita huzuridagi byudjetdan tashqari Raqobatni rivojlantirishga ko`maklashish jamg`armasiga o`tkazish;

– engil avtomobillarni sotish bo`yicha kelgusida tuziladigan shartnomalarni asossiz harajatlarni chegirish orqali shakllantirilgan narxlar asosida yoki jamiyatning marketing strategiyasidan kelib chiqib engil avtomobillarning narxlari o`rtacha 10,29 foizdan kam bo`lmagan darajada va tannarxdan asossiz harajatlarni kamaytirishni inobatga olgan holda amalga oshirilishini ta`minlash;

– engil avtomobillarni iste`molchilarga iste`molchilar navbatini inobatga olmagan holda realizasiya qilinishini to`xtatish va boshqa majburiyatlar yuklatilgan.

2020 yil 17 sentyabr kuni “UzAutoMotors” AJ O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Maxsus komissiyasining ushbu qarorini haqiqiy emas deb topish to`g`risidagi shikoyat bilan sudga murojaat qilgan.

“UzAutoMotors” AJ ning shikoyati Toshkent shahar ma`muriy sudi tomonidan bir necha sud majlislarida taraflar vakillarining barcha ko`rsatmalari va vajlari tinglanib, taqdim etilgan dalillari muhokama qilinib, 2020 yil 30 oktyabr kuni qanoatlantirilgan va O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Maxsus komissiyasining 21/31-sonli ish bo`yicha 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topilgan.

Mazkur hal qiluv qarori qabul qilingandan so`ng taraflarga qarorning mazmun-mohiyati hamda uning ustidan shikoyat qilish tartibi va muddatlari tushuntirilgan.

Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy sud ishlarini yuritish to`g`risidagi kodeksi 200-moddasi (apellyasiya shikoyati berish (protest keltirish) huquqi) ning 1-qismiga ko`ra, agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo`lsa, apellyasiya shikoyati (protesti) hal qiluv qarori qabul qilingan kundan e`tiboran yigirma kun ichida berilishi mumkin.

Hozirgi kunga qadar taraflar va prokuror tomonidan sudning yuqoridagi hal qiluv qarori ustidan apellyasiya shikoyati yoki protesti berilmagan.  

Apellyasiya shikoyati yoki protesti berilganda shikoyat yuqori instansiyada mazmunan ko`rib chiqiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1