Davlat statistika qo`mitasi 2020 yilning 9 oyi yakunlariga ko`ra, O`zbekistonning demografik holatiga oid hisobotni e`lon qildi.
Qo`mita so`nggi yillar davomida ilk bor, ya`ni O`zbekistonda yanvar-sentyabr oylarida kuzatilgan o`lim holatlari statistikasini demografik holat to`g`risidagi choraklik hisobotiga kiritmadi.
Bunga qadar o`limlarga oid raqamlar har choraklik va (yarim) yillik hisobotlarda muntazam ochiq aytib kelinayotgandi.
Davlat statistika qo`mitasi xabar berishicha o`lim holatlari statistikasini shakllantirish uchun mas`ul bo`lgan Adliya vazirligi va Sog`liqni saqlash vazirligi ma`lumotlarni Davlat statistika qo`mitasiga taqdim etmagan.
Adliya vazirligi esa Davlat statistika qo`mitasida barcha ma`lumotlar mavjudligini bildirgan. Sog`liqni saqlash vazirligi so`rovga javob bermagan.
Avvalroq, O`zbekistonda koronavirus pandemiyasi sababli vafot etganlar soni iyul oyida 26,4 foizga, Toshkent shahrida esa 2,6 martaga oshgani hisoblab chiqilgandi.






