Benzin, dizel yoqilg`isi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi iste`molchilarga realizasiya qilishda yoqilg`i birligi uchun maxsus yig`im joriy qilinishi rejalashtirilmoqda. Mazkur yig`im turini tartiblashtiruvchi nizomni tasdiqlashga oid hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi. Hujjat loyihasiga muvofiq, maxsus yig`im 25 so`mdan ortiq bo`lmagan miqdorda mintaqaviy yo`llarni rivojlantirishga maxsus yig`imni hisoblab chiqarish va to`lash tartibini joriy qilinishi mumkin. Belgilanishicha, maxsus yig`im miqdorlarini mahalliy hokimliklar belgilaydi. Bunda hokimliklar: maxsus yig`im miqdorlari bo`yicha takliflarni keng jamoatchilik muhokamasi asosida; muayyan ma`muriy-hududiy birlik aholisi daromadlari darajasini hisobga olib; O`zbekiston Moliya vazirligi bilan kelishgan holda; kelgusi yillar uchun Davlat byudjetini va davlat maqsadli jamg`armalari byudjetlarini tuzish va ko`rib chiqish bilan bog`liq muddatlarda; Qoraqalpog`iston Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ma`qullangandan so`ng Qoraqalpog`iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qarorlariga asosan belgilaydi. So`ng hokimliklar maxsus yig`im miqdorini Davlat soliq qo`mitasining hududiy boshqarmalariga va hududiy moliya boshqarmalariga hamda avtomobillarga yonilg`i va gaz quyish stansiyalariga ijro uchun yuboradilar. Avtomobilga yonilg`i va gaz quyish stansiyalari Davlat soliq qo`mitasining hududiy boshqarmalari tomonidan etkazilgan maxsus yig`im miqdorlarini avtomobil benzini, dizel yoqilg`isi, suyultirilgan va siqilgan gazni chakana narxi ustiga qo`shib realizasiya qiladi. Eslatib o`tamiz, mazkur yig`im turi 2019 yil 1 yanvarga qadar ham amalda bo`lgan. O`shanda benzin, dizel yoqilg`isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq o`rniga oxirgi iste`molchiga benzin, dizel yoqilg`isi va gazni realizasiya qilayotganda undiriladigan aksiz solig`i joriy etilgan edi. | |
07.11.2020 19:02
O`zbekistonda avtomobil yoqilg`isi ishlatganlik uchun yig`im joriy etiladi
