Prezident Shavkat Mirziyoev 8 noyabr – Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigini yo`lladi. Tabrikda davlat rahbari 2020 yil O`zbekiston sog`liqni saqlash tizimi uchun mislsiz sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili bo`lganini qayd etdi.
"Avvalo, o`z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g`oyat mas`uliyatli va sharafli ishga bag`ishlagan siz, azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o`zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.
Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam salomatlik posbonlari bo`lib maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.
Ushbu xavfli kasallikka chalingan ming-minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bag`riga qaytayotganida, hech shubhasiz, sizlarning beqiyos xizmatlaringiz bor.
Fursatdan foydalanib, bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o`z hayotini xavf-xatarga qo`yib, jasorat va matonat namunasini ko`rsatib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga o`z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman", dedi davlat rahbari.
Nutqda ta`kidlanishicha, keyingi to`rt yilda sohaga doir 200 ga yaqin me`yoriy-huquqiy hujjat, jumladan, O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Soha rivoji uchun davlat byudjetidan 14,8 trillion so`m yoki 2019 yilga nisbatan 1,2 barobar ko`p mablag` ajratildi, shuningdek, Investisiya dasturiga muvofiq ushbu tizimga 1,15 trillion so`m mablag` yo`naltirildi. Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 4 ming o`rinli ko`p tarmoqli maxsus shifoxona ishga tushirildi.
Soha xodimlarining mehnatini munosib rag`batlantirish, oylik maoshlarini ko`paytirish, pandemiya sharoitida ishlayotgan shifokorlarga qo`shimcha haq to`lash bo`yicha yangi tizim joriy etildi.
Bu yil olis qishloq va ovullarda 798 ta oilaviy poliklinika tashkil etilib, ularda ijtimoiy dorixona, kechayu kunduz ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchasi, ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi xonalari faoliyati yo`lga qo`yilgani ham muhim ishlarimiz qatoriga kiradi. Shuningdek, akusher-ginekolog, xirurg, stomatolog, terapevt, pediatr kabi 5 ta yo`nalishdagi tor soha mutaxassislari faoliyatini yo`lga qo`yish hisobidan qishloq ahliga malakali ambulatoriya yordami ko`rsatadigan tizim ish boshladi.
Mamlakatimizda birinchi marta Gemodializ xizmatlari bo`yicha konsepsiya ishlab chiqilib, hozirgi kunda uni amalga oshirishga kirishildi.
"Butun xalqimiz qatori bugungi og`ir sinovlardan mardona o`tayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari bo`lgan siz, tibbiyot xodimlari ana shunday mas`uliyatli vazifalarni ado etishda faol ishtirok etib, barchaga o`rnak va namuna bo`lasizlar, deb ishonaman.
Sizlarning mashaqqatli va olijanob mehnatingizni munosib qadrlash, tizim uchun malakali kadrlar tayyorlash, mamlakatimiz sog`liqni saqlash sohasining raqobatbardoshligini oshirish, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va xorijiy tibbiyot markazlari bilan amaliy hamkorlikni kuchaytirish, telemedisinani rivojlantirish masalalari bundan buyon ham doimiy e`tiborimiz markazida bo`ladi.
Sizlarni qutlug` kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy muborakbod etib, barchangizga baxt-saodat, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qo`lingiz dard ko`rmasin, hamisha sog`-omon bo`ling, aziz shifokorlar!" deydi Prezident.






