Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning ko`rsatmasiga muvofiq, kelgusida Namangan shahrida tibbiyot instituti filialini ochish va uni alohida oliy ta`lim muassasasiga aylantirish rejalashtirilmoqda.
O`zA yozishicha, bugungi kunda Namangan viloyatida mavjud 220 davlat tibbiyot muassasasida 40 ming nafardan oshiq shifokor, hamshira va kichik tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda. Vrachlar qatorida 4 fan doktori va 24 fan nomzodi bor.
Keyingi yillarda yurtimizda xususiy sektorga berilayotgan e`tibor natijasida Namanganda nodavlat tibbiyot muassasalari ham ko`paydi va ular soni salkam 400 taga etib, so`nggi uch yilga nisbatan ikki barobarga ortdi. “Anamed” diagnostika markazi, “Oydin shifo” va “Doktor-D” kabi shifoxonalar shular jumlasidan.
Xususiy sektorga to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyani jalb etish bo`yicha 3 yirik loyiha ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniyaning “Metaco” kompaniyasi tomonidan kiritiladigan million dollar mablag` hisobiga To`raqo`rg`on tumani tibbiyot birlashmasida yiliga 6240 seans o`tkazishga mo`ljallangan gemodializ markazi tashkil etiladi.
“Merrimed farm” mas`uliyati cheklangan jamiyati va germaniyalik investorlar bilan imzolangan kelishuvga ko`ra, 30 million dollar mablag` evaziga Namangan shahrining Oromgoh dahasida zamonaviy ko`p tarmoqli shifoxona qurilmoqda.
Viloyat hokimligi va Italiyaning “Opera SRL” kompaniyasi o`rtasida imzolangan shartnomaga asosan qiymati 15 million dollarga teng bo`lgan loyiha, ya`ni To`raqo`rg`onda 400 o`rinli endokrinologiya markazini barpo etish ko`zda tutilgan.






