Bugun, 8 noyabr kuni Buxoro davlat universitetida Buxoro biznes akseleratorining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda Oliy va o`rta maxsus ta`limi vazirining axborot texnologiyalari va yoshlar bo`yicha o`rinbosari Yusuf Absoatov ishtirok etdi, deya xabar berdi effect.uz. Mazkur biznes akselerator “Yoshlar — kelajagimiz” jamg`armasining 150 mln. so`m, BuxDUning 108 mln. so`m mablag`lari evaziga tashkil qilindi. Mazkur biznes akseleratorda bir vaqtning o`zida 40 nafar tinglovchini tadbirkorlikka o`qitish mumkin. “Startaplarni yo`lga qo`yish oson ish emas. Ayniqsa, katta kapital yoki zarur malaka bo`lmasa. Ayrim xatolar qimmatga tushishi ham mumkin. Buni hammamiz bilamiz. Lekin bu degani Turg`unboyning, Qilichbekning o`g`li katta biznes qilmasin, u buni eplolmaydi degani emas. Yosh ishbilarmonlarga mana biznes-akseleratorlar yordam qo`lini cho`zadi“, – dedi ochilish marosimida vazir o`rinbosari Yusuf Absoatov. Muassasaning asosiy vazifasi tadbirkorlik sub`ektlariga o`z biznesini yuritishda yaqindan yordam berish, ilg`or axborot, innovasion va pedagogik texnologiyalar yordamida tadbirkorlik kurslarini tashkil etishdir. Bunda universitet va respublikaning etakchi mutaxassislari ta`lim va maslahatlashuv jarayonlariga jalb qilinadi. | |
08.11.2020 10:14
Buxoroda qariyb 260 mln so`m evaziga biznes akseleratorning tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi






